Lizingga avtomobil olib berishni va’da qilib, 100 nafar fuqaroni chuv tushirgan soxta firibgarlar qo‘lga olindi (video)

Toshkent shahrida avtomobil sotib olishni istagan 100 nafar fuqaroni chuv tushirgan soxta tadbirkorlar jinoiy guruhi qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markaziga asoslanib, “Darakchi.uz” xabar berdi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 6 oy davomida faoliyat yuritgan “Jasmin biznes”, Praym Invest lizing va Praym avto lizing MChJlar aslida mijozlarga avtomashina yetkazib berish bo‘yicha GM Uzbekistan OAJ bilan hech qanday shartnomaga ega bo‘lmagan. Puxta o‘ylangan reja asosida faoliyat olib borgan lizing kompaniyasi direktori Akmal To‘laganov hech qanday hujjatlarga qo‘l qo‘ymaslik maqsadida yosh qizlarni ishga olib, ulardan o‘zining g‘arazli rejasi yo‘lida foydalangan.

Soxta lizingchilar ko‘satilgan muddatda o‘z mashinasini talab qilib kelgan ayrim mijozlarga boshqa firmalardan ijaraga olingan avtomobillarni berib, ularni vaqtinchalik tinchlantirib turishgan.

“Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, uyushgan jinoiy guruh a’zolari tomonidan fuqarolardan lizing shartnomalar asosida qabul qilingan komission to‘lovlar, shuningdek, firmaning bankdagi hisob raqamiga tushirilgan pullar turli yo‘llar bilan o‘zlashtirib, fuqarolarga jami 2 milliard 21 million so‘mlik moddiy zarar yetkazilgani aniqlangan”, — deydi Toshkent shahar IIBB huzuridagi tergov boshqarmasi tergovchisi O‘tkir Chinaliyev.

Uyushgan jinoyin guruhning 3 nafar a’zosi hibsga olingan. Hozirgi kunda tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

 

Manba : www.daryo.uz