Toshkent shahar IIBB boshlig‘i Yunusobod tuman aholisi bilan muloqot qildi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 8 avgustdagi qaroriga muvofiq, shahar va tumanlar hokimliklari, prokuratura, ichki ishlar va davlat soliq xizmatining hududiy rahbarlari boshchilik qilayotgan kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgan. Xususan, Toshkentning Olmazor, Shayxontohur va Yunusobod tumanlari bevosita O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Rustam Jo‘rayev nazoratiga yuklatilgan bo‘lib, bo‘lib o‘tgan ochiq muloqot bevosita ana shu sektor hududi aholisi bilan ochiq va samimiy ruhda tashkil etildi.          Turizm kasb hunar kollejining salqin hovlisida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Toshkent shahar IIBB boshlig‘i general-mayor R.Jo‘rayev joriy yilning o‘tgan davri mobaynida poytaxt ichki ishlar organlari tomonidan Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatlarni barvaqt oldini olish, sodir etilgan jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar haqida yig‘ilganlarga batafsil ma’lumot berib o‘tdi.

Ochiq muloqot eng avvalo aholining muammolariga qaratilib, Unda ishtirok etgan yuzdan ziyod aholi vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qildilar. Jumladan, pasportlarni tiklash va propiskaga qo‘yishga oid murojaatlarga yig‘ilishning o‘zida chora ko‘rilib, ularni tezda hal etish uchun topshiriqlar berildi. Bundan tashqari aholining ko‘p qavatli uylar hovlilaridagi tartibsizlik, mashinalarning yo‘llarga tashlab ketilishi, bolalar maydonchalari yetishmasligi, hovli va yo‘llarni yoritish tizimi ko‘ngildagidek emasligi haqidagi murojaatlari yuzasidan ham tuman hokimligi mutasaddilari, YHXB, tuman IIO FMB va IIB rahbarlariga hisobot berish sharti bilan vazifalar yuklatildi. Sektor rahbari - Toshkent shahar IIBB boshlig‘i berilgan topshiriqlar ijrosini shaxsan nazoratga olishga va’da berdi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari – Toshkent shahar IIBB boshlig‘i – general-mayor Rustam Jo‘rayev bundan tashqari har bir tuman aholisi bilan ularning muammo va kamchiliklariga yechim topishga qaratilgan ochiq muloqotlarda muntazam ishtirok etib kelmoqda. Bugun qadar bunday muloqotlar poytaxtimizning Yakkasaroy, Uchtepa, Sergeli, Bektemir, Mirzo Ulug‘bek, Olmazor tumanlarida o‘tkazildi.