O‘zini xodim deb tanishtirgan shaxs firibgarlikda gumon qilinmoqda

Ichki ishlar organlariga Ravshan degan shaxs odamlarga o‘zini IIBB xodimi sifatida tanishtirib Sergeli tumanidan imtiyozli kredit evaziga uy olishga yordam berishini taklif qilayotgani haqida xabar kelib tushdi. Toshkent shahar IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasining Iqtisodiy xavfsizlik va korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘limi xodimlari tomonidan holat yuzasidan tezkor chora-tadbir rejasi ishlab chiqildi va qisqa fursatda gumondor shaxs qo‘lga olindi. U hech qayerda ishlamaydigan, asli xorazmlik bo‘lgan 33 yoshli M.Ravshan bo‘lib chiqdi.

Holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov jarayonida ushbu shaxsning shu kabi boshqa jinoyatlarga aloqadorligi o‘rganiladi, shuningdek jinoyat sodir etilishiga sabab bo‘lgan sabab va omillar tahlil qilinadi.

Hurmatli hamshaharlar! Sizga pul evaziga turli va’dalarni berayotgan, o‘zini davlat xizmatchisi etib tanishtirayotgan tanish-notanish kishilarga ishonishga shoshilmang! Firibgarlarga aldanib qolmang!