Yangi radarlar bir kunda 365 ta qoidabuzarni aniqladi

Toshkent shahar IIBB transport vositalari haydovchilarini poytaxt ko‘chalarida me’yordan oshirilgan tezlikni aniqlovchi statsionar va mobil radarlar o‘rnatilayotgani haqida ogohlantirgan edi. Biroq afsuski hamma ham bu ogohlantirishlarga e’tibor berib, tezlikni oshirish qanchalar xavfli ekanini tushunib yetmayapti. Vaholanki, Butunjahon Sog‘liqni saqlash tashkilotining ma’lumotlariga ko‘ra, insonlarning nobud bo‘lishiga sababchi bo‘ladigan YTH omillari orasida aynan tezlik birinchi o‘rinda turadi.

Biz shu yilning 8 avgust kuni qariyb 10 soat ichida ana shu radarlar tomonidan 246 ta qoidabuzarlik holatlari aniqlangani haqida xabar bergandik.

O‘tgan bir kun mobaynida esa shaharning uchta ko‘chasida o‘rnatilgan beshta radarlar yordamida tezlikni me’yoridan oshirgan 365 haydovchi qayd etildi. Ushbu radar qurilmalari Yunusobod tumani Amir Temur ko‘chasidagi Toshkent teleminorasi qarshisida, “Yulduz” AJ yonida (Oloy bozori), Toshkent halqa avtomobil yo‘lida – Shiribom va Sergeli tumanidagi “Drivers Village” avtosaloni oldida o‘rnatilganini ma’lum qilamiz.

Hurmatli haydovchilar! Toshkent shahar IIBB barcha haydovchilarni yo‘l harakati qoidalariga amal qilishga, tezlikni oshirmaslikka chaqiradi. Yo‘llarda o‘zingizni va o‘zgalar hayotini o‘ylab harakat qiling!