YPX jamoasi safida ayol xodimlar paydo bo‘lishi mumkin

Ichki ishlar organlarida ayol xodimlarimiz tobora salmoqli o‘rin egallab bormoqda. PPX maxsus patrul xizmati ortidan opa-singillarimiz bugun ular uchun yangi yo‘nalish – YPXda ham o‘zlarini sinab ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘lmoqdalar.

Ushbu tajriba poytaxtimizdagi “Toshkent” markaziy temiryo‘l vokzali va Toshkent xalqaro aeroporti hududida amaliyotda sinovdan o‘tkazilmoqda. Agar natija kutilganidek bo‘lsa, u holda yo‘llarda YPX xodimlari qatorida ayol xodimlarimizni ham uchratish mumkin bo‘ladi.    

Hozirda ikki nafar ayol xodimlar sohaning tajribali erkak xodimlaridan tartibga solinmagan, tirbandlik yuzaga kelgan chorrahalarni boshqarish va imtiyozga ega bo‘lgan avtotransport vositalarini o‘tkazib yuborish kabi holatlarda to‘g‘ri harakatlanishni o‘rganmoqdalar. 

Ma’lumot o‘rnida aytib o‘tish kerakki, qator xorij mamlakatlarida yo‘llarda forma kiygan ayol YPX xodimlarini ko‘plab uchratish mumkin. Ular o‘z xizmat vazifalarini erkaklardan kam bo‘lmagan darajada o‘tashmoqda.