Yakkasaroyda katta hashar

Toshkent shahrining bugun har bir tumanida qurilish va obodonlashtirish ishlariga guvoh bo‘lish mumkin. Poytaxt nomiga munosib bo‘lish uchun aholi hududlarini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish, ayniqsa, aholi yashash sharoitlarini yaxshilash borasida keng chora-tadbirlar olib borilmoqda. Fikrimizni Yakkasaroy tumani misolida davom ettiradigan bo‘lsak, bugun erta tongdan mahalla guzariga 1000dan ortiq ishchi-xizmatchilar yig‘ildilar.

Yig‘ilganlarni tuman IIO FMB va prokuraturasi, tuman hokimligi vakillari qarshi olib, poytaxtimizni bir jon-u tan bo‘lib obod qilish ishlarida faol ishtirok etishga chaqirdilar. Shu kuni hashar yo‘li orqali tuman hududini ozoda va ko‘rkam holga keltirish, ko‘p qavatli uylar atrofi va hovlilaridagi qurigan shox-shabba, chiqindilarni chiqarib tashlash, tomorqalarga gul va dekorativ o‘simliklar ekish ishlari olib borildi. Shuningdek tuman hududida yangi ko‘p qavatli uyning poydevoriga ramziy g‘isht qo‘yildi. Tez orada ushbu uyni qurish ishlariga start beriladi.

“Obod mahalla” dasturi doirasida bugun Toshkent shahrining eng chekka va panada qolgan qarovsiz joylariga ham mutasaddilarning e’tibori tushmoqda. Barcha sai-harakatlar odamlarimizning yaxshi sharoitlarda yashashi, bugungi kunidan rozi bo‘lishiga qaratilgan.