Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi ogohlantiradi!

Hurmatli hamshaharlar! Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi Toshkent shahri hududidagi qurilish maydonlarida ekologiya va atrof-muhitga zarar yetkazmaslik, qurilish ishlari olib borilayotgan hududlarda transport vositalaridan foydalanish madaniyatiga rioya qilish va shahar ko'chalarini toza saqlash tartib-qoidalariga amal qilishlikka chaqiradi.

Eslatib o'tamiz, Toshkent shahar hokimining 2017 yil 11 oktabrda imzolangan №158-son farmoyishining 3-bandida buyurtmachi va pudratchi tashkilot rahbarlari, shaharda qurilish ishlarini olib borayotgan mulkchilik shaklidan qat'iy nazar yuridik va jismoniy shaxslar:

Toshkent shahrining barcha hududlarida, ayniqsa markaziy ko'chalarda qurilayotgan yo'l va ko'priklar, hiyobon va ijtimoiy obyektlar, istirohat bog'lari va yangi turar joy binolari, ishlab chiqarish va boshqa qurilish obyektlariga xizmat ko'rsatuvchi transport vositalarini ozoda saqlash, ko'chalarni ifloslantirmaslik;

qurilish hududlaridan chiqqan chiqindilarni maxsus transport vositalarida faqatgina chiqindilar uchun ajratilgan joylarga olib borib tashlash;

yuklar, qurilish chiqindilari, qum va tuproqlarni maxsus jihozlangan yuk mashinalarida namlangan holda yoki ularning ustini brezent bilan yopish;

qurilishda foydalanilayotgan transport vositalarining shahar ko'chalariga toza va benuqson chiqishini ta'minlash maqsadida maxsus belgilangan joylarda ularning g'ildiraklarini yuvib-tozalash;

kuz-qish mavsumida qurilish hududiga biriktirilgan transport vositalari qatnaydigan ko'chalarni xazon, qor uyumlari, muz va loydan tozalash uchun shaxsan mas'ul etib belgilangan.

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi yo'l harakati xavfsizligi boshqarmasi tomonidan poytaxtda qurilish obyektlariga qatnaydigan transport vositalarining ozodaligi nazoratga olinishi hamda o'rnatilgan tartibda muntazam ravishda maqsadli reydlar o'tkazilishi, ushbu tartib-qoidaga amal qilmagan haydovchi va mas'ul shaxslarga nisbatan esa O'zbekiston Respublikasi ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksining 147-moddasiga muvofiq tegishli choralar ko'rilishi haqida ogohlantiramiz.

Ma'lumot uchun!

O'zbekiston Respublikasining ma'muriy javobgarlik to'g'risidagi kodeksi 147-moddasiga ko'ra, yo'llarga, yo'l inshootlariga, yo'l harakatini tartibga solib turuvchi texnik vositalarga shikast yetkazish, ularni saqlash qoidalarini buzish;

Yo'llarga, temir yo'ldan o'tish joylariga, yo'l harakatini tartibga solib turuvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo'l harakatiga qasddan xalal berish, shu jumladan yo'l qoplamasini ifloslantirish yo'li bilan xalal berish — eng kam ish haqining o'n baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.

Yo'l belgilarini o'rnatish, yo'llarni, temir yo'ldan o'tish joylari va boshqa yo'l inshootlarini harakat uchun xavfsiz holda saqlash qoidalarini buzish yoki yo'lning ayrim qismlaridan foydalanish harakat xavfsizligiga tahdid etadigan paytda ularda harakatni o'z vaqtida taqiqlash yoki cheklash choralarini ko'rmaslik — mansabdor shaxslarga eng kam ish haqining o'n besh baravari miqdorida jarima solishga sabab bo'ladi.