Tezkor xabarlar

Sodir etilgan jinoyat yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv ishlari natijasida 29 yoshli S. Tabassumning yana boshqa vaziyatda firibgarlik ishiga aloqasi borligi aniqlandi. Maʼlum boʻlishicha, 2017-yilning 21-noyabr kuni soat taxminan 11:00da S.Tabassum aldov yoʻli bilan Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi toʻqqiz yoshli B.Farangizni oʻz uyidan tilla buyumlarni olib chiqib berishga majbur qilgan. Keltirilgan umumiy zarar miqdori 5 million soʻmni tashkil etgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

***

23-avgust kuni soat 22:15da Shayxontohur tumani IIO FMBga 55 yoshli fuqaro K. Rustam murojaat qilib, uyining tomida taʼmirlash ishlarini olib borayotgan vaqtida marhum akasiga tegishli boʻlgan “TOZ-16” rusumli ov miltigʻini topib olganligini maʼlum qilgan. Noqonuniy ravishda oʻq otar qurol saqlaganligi yuzasidan qoʻzgʻatilgan ish gumonlanuvchining vafot etganligi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksining 84-moddasi 3-qismiga binoan tugatildi.

***

Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasiga (Firibgarlik) binoan Xorazm viloyatida yashovchi 38 yoshli Ya. Quvonchbekka nisbatan qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan olib borilgan tergov-surishtiruv jarayonlari natijasida ushbu fuqaroning yana boshqa jinoyatga aloqasi borligi aniqlandi. Quvonchbek, 2017-yilning dekabr oyida poytaxtning Amir Temur koʻchasida Toshkent viloyatining Oqqoʻrgʻon tumanida istiqomat qiluvchi 33 yoshli B. Azizdan Koreya Respublikasiga ishlash uchun yuborishga yaqindan yordam beraman deb 500 AQSH dollarini olgan. Biroq gumonlanuvchi vaʼdasini ustidan chiqmay pullarni oʻz ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan. Mazkur holat yuzasidan Yunusobod tumani prokuraturasi tomonidan tergov ishlari olib borilmoqda.

***

22-avgust kuni Chilonzor tumani, Arnasoy koʻchasi, soat 19:30 da 31 yoshli A.Aziz “Matiz” rusumli mashinasida ota-onasi tomonidan qarovsiz qoldirilgan va katta koʻchaga yugurib chiqqan 4 yoshli V.Muhammadni urib yuborgan. Toʻqnashuv natijasida jarohat olgan bola shifoxonaga olib borilgan.

***

23-avgust kuni Uchtepa tumanida giyohvand moddalarni saqlash va savdosiga qarshi olib borilgan tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida 55-yoshli I.Ubaydullo oʻz uyining hovlisida ikki tup yovvoyi nasha oʻsimligini oʻstirayotganligi aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 270-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.