Sut va go‘sht mahsulotlarini sotib olishda ogoh bo`ling!
Poytaxtimiz hududida joylashgan bozorlarda Toshkent shahar IIBB JTSB shaxsiy tarkibi tomonidan tuman veterinariya bo‘limi xodimlari bilan xamkorligida maxsus sanitariya tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Tadbir davomida sanitariya-gigiena qoidalariga amal qilinishi, shuningdek tegishli veterinariya hujjatlarisiz go‘sht va sut mahsulotlari bilan savdo qilinishini oldini olish, belgilanmagan joylarda ushbu mahsulotlar bilan savdo qilinishi tekshirildi. Joriy yilning 12 mart kunidan 18 martgacha o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida poytaxtning 2 ta bozorlarida bir qator sanitariya qoidalari amal qilinmaganlik holatlari aniqlandi. 11 nafar tadbirkorlarga nisbatan ma'muriy bayonnomalar tuzildi. Jumladan, “Yunusobod dehqon bozori”da o‘tkazilgan tekshiruvlar natijasida jami 8 litr sut va sut mahsulotlari, 36 dona go‘sht mahsuloti (mol tuyog‘i) va 17 kg baliq mahsuloti (dudlangan baliq) iste'mol qilishga yaroqsiz deb topilib, ushbu mahsulotlar utilizasiya qilingan. Shuningdek, “Aviasozlar dehqon bozori”da o‘tkazilgan tadbir davomida, jami 28 kg tovuq (qiymasi) va 82 kg mol (qiymasi) go‘sht mahsulotlari iste'mol qilishga yaroqsiz deb topilib, ushbu mahsulotlar ham utilizasiya qilingan.
Masalan, 14 mart kuni “Yunusobod dehqon bozori”da tekshiruvlar natijasida tadbirkorlardan biri go‘sht mahsuloti (mol tuyog‘i)ni tegishli hujjatlarsiz sotayotganligi aniqlanib, ushbu go‘sht mahsuloti sifatini aniqlash maqsadida veterinariya boshqarmasining laboratoriyasiga topshirilgan. Yana bir qonun buzilish holati shu kuni “Sharq” YPX maskanida aniqlangan. Toshkent viloyatidan Toshkent shahriga harakatlanib kelayotgan “Isuzu” rusumli avtoulovi tekshirilganda, 2500 dona tuxumning tegishli hujjatlari yo‘qligi aniqlanib, YPX maskanida xizmat olib borayotgan veterinariya shifokori tomonidan haydovchi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, ogohlantirildi.
Hurmatli poytaxt aholisi va mehmonlari! Bozorlarda go‘sht va sut mahsulotlarini sotib olayotganda juda ehtiyot bo‘ling, sotuvchidan sotilayotgan mahsulotlar sanitariya me’yorlarining barcha talablariga javob berishini tasdiqlovchi sifat sertifikatini so‘rang.