Toshkent shahar IIBB Axborot multimedia markazi xabar beradi

Kecha, 8-iyul kuni, soat taxminan 17.30 da Shayxontohur tumani “Malika” savdo majmuasi hududida sotuvchi, 1988 yilda tug‘ilgan N.A hamda xaridor, 1989 yilda tavallud topgan A.Sh o‘rtasida kelishmovchilik yuzaga keladi. Natijada muqaddam sudlangan A.Sh. sotuvchining ko‘krak qismiga tan jarohati yetkazadi va o‘zining “Neksiya” rusumidagi avtomashinasida voqea joyidan qochib ketadi. Jarohat olgan sotuvchiga Yunusobod tumanidagi 7-shahar klinik shifoxonasida tibbiy yordam ko‘rsatildi.

Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Tezkor-surishtiruv ishlari natijasida gumonlanuvchining shaxsi va boshqaruvida bo‘lgan avtomobil davlat raqami aniqlandi. Hozirda gumondor qo‘lga olingan.

Ayblanuvchining so‘zlariga ko‘ra, o‘zaro janjal sotuvchi va uning opasi o‘rtasida kelib chiqqan. Ushbu holat yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.