28 Noyabr 2021 Yil 1146

“Sog'lom hayot uchun 5000 qadam”

Bugun Toshkent shahrida “Sog'lom hayot uchun 5000 qadam” shiori ostida marafon va “Yashil makon” milliy loyiha doirasida daraxtlar ko‘chatlarini ekish tadbiri o‘tkazildi.
Toshkent shahar IIBB tashabbusi bilan mazkur tadbir Mirobod va Chilonzor tumanlari aholisi uchun shahar markazida o‘tkazildi. Sog‘lomlashtirish aksiyasini Toshkent shahar hokimiyati, shahar prokuraturasi, Davlat soliq boshqarmasi, Milliy gvardiya, Mudofaa vazirligi, IIV Akademiyasi qo‘llab-quvvatladi.
Sport tadbiri Nukus va Oybek ko‘chalari kesishmasida start oldi. Mazkur marafonda IIBB boshlig‘i general-mayor A. Tashpulatov, shahar prokurori U. Kasimov, respublika IIV Akademiyasi boshlig‘i polkovnik R. Xatamov, shahar hokimining o‘rinbosari F. Mahmudxodjaev, senator R. Kalonov, ichki ishlar organlari xodimlari va ularning oila a'zolari, shuningdek poytaxtimiz aholisi va mehmonlari ishtirok etdi. Marafon yoshi va jinsidan qat'iy nazar 20 000 dan ortiq sportni sevuvchi insonlarni birlashtirdi.
Toshkent shahar IIBB xodimlari sport tadbiri davomida xavfsizlik va tartibni ta'minlash uchun barcha choralarni ko‘rdilar.
Tadbirning asosiy maqsadi – aholi orasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, sportni ommalashtirishdan iborat edi.
Sport tardbiri “Xumo Arena” muz saroyi oldida yakunlandi va shu yerda ishtirokchilar uchun IIV Madaniyat saroyi ansambli va milliy estrada yulduzlari ishtirokida konsert tashkil etildi. So‘ng g‘oliblarni diplom va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, “Eng faol yosh ishtirokchi”, “Eng faol keksa ishtirokchi”, “Eng sportchi oila” nominatsiyalari bo‘yicha g‘olib bo‘lgan ishtirokchilarga maxsus sovg‘alar topshirildi:
Shuningdek, bugun Toshkent shahar IIBB xodimlari “Yashil makon” milliy loyihasi doirasida mevali va manzarali daraxt ko‘chatlarini ekishdi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech