14 Avgust 2021 Yil 2263

Mahalliychilik mavzusini koʻtarish bahonasida mashhur boʻlish niyati hurmatga sazovor ish emas

Internet tarmogʻida “Viloyatlik boʻlganin uchun toʻxtatdingizmi?!” sarlavhali video tarqamoqda. Mazkur fakt boʻyicha quyidagilarni ma’lum qilamiz.

2021 yil 6 avgust kuni taxminan soat 15:00 da Uchtepa tumani Lutfiy koʻchasida “Xavfsiz poytaxt” maxsus tadbiri davomida Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan 36 yoshli Nurmirza K. boshqaruvidagi “Nexia-2” (davlat raqami 50 V 526 RA) avtomobili toʻxtatildi. 

Haydovchining roziligi bilan xolislar guvohligida transport vositasining yukxonasi tekshirildi. Ushbu tadbir poytaxt aholisining xavfsizligini ta’minlashda, jinoyatlarning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi. Tekshiruv yakunlangach haydovchidan noqulayliklar uchun uzr soʻralgan.

Shunga qaramasdan Nurmirza K.ning oʻzi tekshiruvdan noroziligini bildirib, shoshib turganini bildirgan. Ushbu holatda poytaxtning barcha mehmonlari va aholisi uchun eslatma: bu kabi tadbirlar avvalambor sizni asraydi. Oʻz vaqtida topilgan qurollar va giyohvandlik vositalari sodir boʻlmasligi afzal boʻlgan voqealardan himoya qiladi. PPX va YPX xodimlari aynan sizning avtomobilingiz xavfsiz ekanligini oldindan bilmaydilar, shuning uchun sizni tekshirishlari mumkin. Bularni toʻgʻri tushunishingiz lozim.

Shuningdek videoda haydovchi uning avtomobilining davlat raqamlari viloyatga tegishli boʻlganligi sababli toʻxtatilgani haqida fikr bildirgan. Bu fikr oʻrinsiz va xatodir: Toshkent shahar IIBB manbalarida poytaxt avtomobillari haydovchilari tekshirilganliklari haqida yuzlab xabarlar mavjud. Biz ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilaridan turar-joy boʻyicha kamsitish holatlari toʻgʻrisidagi xabarlarni qoʻllab-quvvatlamasliklarini soʻrab qolardik: bunday fikrlar mualliflarning komplekslaridan yoki ushbu mavzuni koʻtarib mashhur boʻlish niyatidan kelib chiqadi. Barchamiz - bir yurt aholisimiz.

Hurmatli hamyurtlar! Sizdan Toshkent shahar IIBB tomonidan poytaxt koʻchalarida tashkil etilayotgan tadbirlarni toʻgʻri tushunishingizni iltimos qilamiz. Ularning har biri huquqbuzarlik va jinoyatlarga qarshi kurashga qaratilgan boʻlib, tinchlik va osoyishtalikni qoʻriqlaydi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech