IIBB yangiliklari:
Haydovchilar avtomobil kalitini o't oldirgichda qoldirmang!
8 Oktyabr 2021 Yil 429

Odamlarning suyanchi

Iyul oyining o'rtalari. Poytaxtimizning Yangihayot tumani «Olchazor» mahalla fuqarolar yig'inida yashovchi fuqaro Manzura Odilova (ism-shariflar o'zgartirildi) profilaktika katta inspektori, mayor Rustam Nizomovga murojaat qildi. Uning aytishicha, Ilhom ismli kirakash undan kelishilgan xizmat haqi evaziga 300 AQSh dollarini Yunusobod tumanida istiqomat qiluvchi qarindoshiga yetkazib berishi kerak edi. Ammo mo'may pulni qo'lga kiritgan haydovchi uyali telefonini o'chirgancha, suvga tushgan toshday g'oyib bo'ladi.
Jabrlanuvchining arzini tinglagan osoyishtalik posboni zudlik bilan ishga kirishdi. Olib borilgan sa'y-­harakatlar natijasida kirakashni topdi. Avvaliga turli bahonalar bilan aybini tan olishni istamagan bu kimsa keltirilgan dalillar oldida ojiz qoldi...
Bolaligidanoq ichki ishlar organi xodimi bo'lishga astoydil qiziqqan Rustam Toshkent avtomobil-yo'llar institutini muvaffaqiyatli tamomlagach, Sergeli tumani IIB Maxsus vazifalarni bajaruvchi safarbarlik guruhida ilk xizmat faoliyatini boshladi. Keyinroq huquqbuzarlik­lar profilaktikasi tizimiga o'tdi. Mana, 15 yilga yaqin vaqt davomida u mazkur sohaviy xizmatda, profilaktika ins­pektori sifatida faoliyat ko'rsatib kelayotir.
Ta'kidlash joizki, o'tgan yillar davomida uni eng yaqin ko'makchilari bo'lmish oila a'zolari, ustozlari har tomonlama qo'llab-quvvatlashdi. Xususan, profilaktika inspektori lavozimiga endi tayinlanganida murabbiyi kapitan Alisher Rahmatovning yordami katta bo'ldi. Jonkuyar ustozi unga fuqarolar bilan munosabatda bo'lish, ularning murojaatlarini ko'rib chiqish, aholi o'rtasida profilaktika ishlarini olib borish, hududda jinoyat va huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olish amaliyotidan puxta saboq berdi.
– Hozir profilaktika inspektorlari uchun barcha qulayliklar yaratilgan, – deydi mayor Rustam Nizomov. – Shinam xizmat uylari, imtiyozli kredit asosida berilgan yengil avtomashina, so'nggi rusumdagi kompyuter va aloqa vositalari, bosh­qa shu kabi imkoniyatlar faoliyatimiz samaradorligi oshishida muhim omil bo'lyapti.
Bugungi kunda «Olchazor» mahalla fuqarolar yig'inida 4800 nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi.
Ma­yor Rustam Nizomov fuqarolarning haqiqiy suyanchiga aylangan. U har kuni ertalab kam ta'minlangan, boquvchisini yo'qotgan oilalar, yolg'iz yashovchi qariyalarning uylariga mahalla faollari bilan birga borib, holidan xabar oladi. Qiynayotgan muammolarga yechim topishga harakat qiladi.
Aksariyat jinoyatlar ishsizlik, bekorchilik ortidan kelib chiqishini yaxshi anglagan mayor R.Nizomov fuqarolarning bandligini ta'minlash masalasiga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Masalan, joriy yilda uning sa'y-harakati bilan 8 kishi ishga joylashdi. Shu bilan birga, ichkilikbozlikka ruju qo'ygan, profilaktik hisobda turgan shaxslar profilaktika katta inspektorining doimiy nazoratida.
Ana shunday tinimsiz sa'y-harakatlar tufayli hududda ko'plab jinoyat va huquqbuzarliklarning oldi olindi, aksariyat jinoyatlarning kamayishiga erishildi.
– Mayor Rustam Nizomov o'z ishining haqiqiy ustasi, – deydi tuman IIOFMB boshlig'ining o'rinbosari, kapitan Mansur Haydarov. – Shu bois hamkasblari unga havas qilib, boy tajribasini o'rganishga intiladilar.
Mayor Rustam Nizomovning farzandlari kelajakda uning izidan borib, sharafli kasbini davom ettirish niyatida. Biz ularning orzulari amalga oshishiga tilakdoshimiz.

Mixli SAFAROV,
«Postda» muxbiri.
Toshkent shahri.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech