“Obod mahalla”: Salar kanali chiqindilardan tozalanmoqda

IIBB va Toshkent shahar prokuraturasi hamkorligida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida maxallaning salar kanal bo‘yida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari boshlab yuborildi. Uzunligi65 km.ni tashkil etuvchi Salar kanalining 1.5 kilometri Mirobod tumanidan oqib o‘tadi. Jumladan, Baynalminal maxallasining shu kanal bo‘yida ko‘plab xonadonlar, turli tashkilotlar joylashgan. Yillar davomida qarovsiz qolgan salar suvi chiqindilar va suv o‘tlari bilan qoplangani yetmagandek, xonadonlardan chiqadigan kanalizatsiya chiqindilari ham shu kanalga oqizib kelingan.

Suv bo‘yida 100 ga yaqin xonadon joylashgan bo‘lib, ularning ko‘pchiligi noqonuniy ravishda suv bo‘yidagi yerlarni o‘z hovlisiga qo‘shib olgan. Oqibatda kanal bo‘yida harakatlanish uchun yo‘l qolmagan. Aslida esa kanalning ikki tomonidan kamida 6 metrdan bo‘sh joy bo‘lishi lozim.

Jalb qilingan texnikalar yordamida bu yerdan katta miqdordagi chiqindilar olib chiqib ketildi. Kanal bo‘yidagi noqonuniy qurilmalar buzib tashlandi, qarovsiz daraxtlarga shakl berilib, kanal suvi axlatlardan tozalandi. Bir so‘z bilan aytganda, “Obod mahalla” dasturi doirasida poytaxtimiz Toshkent shahrining e’tibordan chetda qolgan ko‘plab hududlari yana obod qiyofaga kirib bormoqda.