“Obod mahalla”: Ibrohim ota mahallasining 48 vakiliga yangi qurilgan uylardan kvartiralar kalitlari topshirildi

Olmazor tumani Ibrohim ota mahallasida istiqomat qiladigan fuqarolar uchun yangi uylarning qurilish ishlari yakunlandi. “Obod mahalla” davlat dasturi doirasida ushbu mahallada olib borilayotgan obodonlashtirish ishlarida Toshkent shahar IIBB va Olmazor tumani xokimiyati eng faol ishtirok etdilar. Ijtimoiy zaif toifaga kiruvchi aholi qatlami uchun yangi uylar qurilishi avvalroq aytib o’tilgan edi. Mana bugun ushbu mahallada yashovchi 48 nafar fuqarolar uchun kvartiralar kalitini topshirish tantanali marosimi o’tkazildi.

Ibrohim ota mahallasining bir necha oy avvalgi eski ko'rinishi bizning xabarlarni e’tibor bilan kuzatib borayotganlarning yodida bo’lsa kerak. Bugun, ushbu hududni obodonlashtirish bo’yicha olib borilgan keng miqyosdagi ishlarga baho berish mumkin.  Muhimi, mahalla aholisi uchun sharoitlar ancha yaxshilandi. Tashlab qo’yilgan yer hududlari, uylar orasidagi hovlilar tozalandi, markaziy yo’l va trotuarlardagi asfalt yangilandi, yangi guzar binosi qurildi. Bolakaylar xursandchiligiga sabab bo’lgan 6 ta bolalar va bitta basketbol maydonchasi barpo etildi.

O’zgarishlar ko’p. Ammo muhimi, odamlarning kayfiyati o’zgardi: ular o’zlariga nisbatan davlat tomonidan bildirilgan haqiqiy g’amxo’rlik va e’tibor guvohi bo’ldilar.