21 Iyul 2018 Yil 3221

Yuk tashish qoidalarini buzgan haydovchilarga nisbatan chora ko‘rildi

Toshkent shahar IIBB YHXB qurilish maydonlaridan yuvilmagan g‘ildiraklar va usti yopilmagan qurilish mollari, chiqindilar bilan yo‘lga chiqayotgan maxsus yuk tashish transport vositalarini aniqlash va ularga qarshi chora ko‘rish ishlarini davom ettirmoqda.

Shu yilning 21 iyul kuni ana shu qoidalarni buzgan 6 nafar haydovchi to‘xtatildi. Ularning 4 nafari Oxangaron shox ko‘chasida harakatlanayotgan bo‘lgan.

Jumladan, qurilish chiqindilarini olib ketayotgan KamAZ yuk mashinasi (10 D 519 NA) haydovchisi garchi, yukning yon-atrofni ifloslantirishini bilsa-da, negadir uning ustini yopishni lozim deb topmagan. Yana bir KamAZ(10 264 DAA) haydovchisi esa ortilgan g‘ishtning mashinadan tushib, boshqa transport vositalariga ziyon yetkazishi mumkinligiga panja ortidan qaragan va xavfsizlikni ta’minlamagan.

Bundan tashqari, uch korxona va tashkilotning rahbariyatiga yuk tashuvchi avtomobillarini yo‘llarga chiqarish oldidan ularning tozaligini ta’minlash uchun sharoit yaratish haqida tegishli ko‘rsatmalar berildi.

Ushbu holatlar bo‘yicha qoidabuzarlarning barchasiga nisbatan tegishli ma’muriy choralar qo‘llanildi.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech