“Toshtransdispetcherxizmat” UK ishchisiga qo`pollik qilgan fuqaroga nisbatan chora ko`rildi

Ijtimoiy tarmoqlarda “Matiz” rusumli avtomobil haydovchisi jamoat transporti uchun mo’ljallangan joyni o’z avtomashinasi bilan to’sib qo’yganligi aks etgan video tarqaldi. Shuningdek, haydovchi “Toshtransdispetcherxizmat” UK vakilining e’tiroziga e’tibor bermay, qo’pol tarzda ayol kishini haqorat qilib, uning qo’lidan mobil telefonini tortib olmoqchi bo’lgan. Buni eplay olmagach, unga qo’l ko’targan. Ushbu fakt bo’yicha Toshkent shahar IIBB tomonidan chora ko’rildi. Huquqbuzar Zangiota tumanida yashovchi 26 yoshli Hikmatulla M. ismli fuqaro ekanligi aniqlandi. Haydovchi qo’lga olinib, unga nisbatan O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 128 moddasi (“Transport vositalari haydovchilarining to’xtash yoki to’xtab turish qoidalarini buzishi”) hamda haydovchilik guvohnomasi taloni yo’qligi bois O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 135 moddasi (Yo’l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlari bo’lmagan shaxslarning transport vositalarini boshqarish) asosida bayonnomalar tuzildi.

            Bundan tashqari, “Toshtransdispetcherxizmat” UK rahbariyatining arizasiga asosan Shayxontoxur tumani ma’muriy ishlar bo’yicha sudi tomonidan Hikmatulla M. O’zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to’g’risidagi kodeksining 183 moddasida (Mayda bezorilik) nazarda tutilgan huquqbuzarlik amalga oshirganlikda aybdor deb topilib, unga nisbatan 5 sutka muddatiga ma’muriy qamoq ko’rinishidagi jazo tayinlandi.

Izoh: ushbu moddada jamoat joylarida uyatli so’zlar bilan so’kinish, fuqarolarga haqoratomuz shilqimlik qilish hamda jamoat tartibini va fuqarolarning osoyishtaligini buzuvchi shu kabi boshqa hatti-harakatlarda ifodalangan jamiyatda yurish-turish qoidalarini qasddan mensimaslik nazarda tutilgan. 183-modda sanktsiyasida eng kam ish haqining uchdan besh baravargacha yoki 15 sutka muddatigacha ma’muriy qamoq jazosi qo’llanilishi ko’zda tutilgan.

Hurmatli toshkentliklar va poytaxt mehmonlari! Sizlardan bir-biringizga xushmuomala bo’lishingizni, atrofdagilarga hurmat bilan munosabatda bo’lishingizni va Yo’l harakati qoidalariga rioya qilishingizni so’rab qolamiz.