16 Avgust 2018 Yil 3051

Jamoat transporti haydovchilari bilan profilaktik ishlar olib borilmoqda

Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari jamoat transportlari haydovchilari bilan tushuntirish ishlarini olib bormoqdalar. Ularda yo‘l harakati qoidalariga amal qilish, shuningdek transport vositasini boshqarish tartibi va sharoitlarini hisobga olish, yo‘lovchilar xavfsizligini ta’minlash va ularga sifatli xizmat ko‘rsatish kabi mavzularda o‘zaro muloqot qilinmoqda. Ma’lumot o‘rnida, shu yilning 26 iyul kuni Yakkasaroy tumanida MAN rusumli avtobus bilan sodir bo‘lgan voqeani olaylik: haydovchining charchoq alomati bilan transport boshqaruviga o‘tirishi oqibatida yo‘lda uxlab qolgan.

         Shuningdek, ushbu yil boshidan buyon Toshkent shahar IIBB YHXB xodimlari tomonidan jamoat transportlari vositalarining holatiga doir 722 marta muloqot va monitoringlar olib borilgan. 851 ta transport vositasida aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etilgan. Nosozlik aniqlangan 486 ta transport vositasi yo‘nalishga qo‘yilmagan. 1013 nafar haydovchiga va 59 nafar mas’ul rahbar xodimlarga yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar va qoidabuzarliklar uchun ma’muriy bayonnomalar tuzilgan va 23ta yozma ogohlantirishlar yuborilgan. Bundan tashqari, mavzu yuzasidan OAV orqali targ‘ibot-tashviqot ishlari olib borilmoqda.

         Jamoat transportlari vositalari bilan bog‘liq ko‘ngilsiz holatlarning asl sabab va omillarini aniqlash maqsadida yo‘nalishlardagi jamoat transporti vositalarida tekshiruv ishlari olib borilmoqda.

         Shu yilning 14 avgust kuni Mirzo Ulug‘bek tumanida soat 6.00da Toshkent halqa avtomobil yo‘lida harakatlanayotgan “Isuzu” rusumli avtobus to‘xtatilganda, (davlat raqami 01 859 QSA, “2 Avtobus saroyi” MCHJ) haydovchi D.Nurmatov transport vositasini tegishli hujjatlarsiz boshqarib borayotgani aniqlandi. Shu sababli haydovchi va uning rahbari A.Morgunovga nisbatan ma’muriy bayonnoma tuzildi.

Xuddi shu kuni Olmazor tumani, Yangi Olmazor ko‘chasida “Isuzu” rusumli (davlat raqami 01 587 ASA, “3-Avtobus saroyi” MCHJ) avtobus to‘xtatildi. Tekshiruv vaqtida mazkur avtobus texnik nosoz bo‘lishiga qaramasdan, yo‘nalishga chiqarilgani ma’lum bo‘ldi. Shunga ko‘ra, haydovchi M. Hoshimov va rahbari B.Hayitovga nisbatan tegishli choralar ko‘rildi. Shuningdek transport vositalarini belgilanmagan joyda saqlagani uchun “Gaz-3221” rusumli (davlat raqami 01 902 ADA va 01117BDA,“Rahmon Trans Servis”MCHJ) mikroavtobuslar haydovchilari F.Akbarov va A.Umarovlarga nisbatan ham ma’muriy bayonnomalar tuzildi.

         15 avgust kuni o‘tkazilgan tekshiruvlarda ham bir qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Jumladan, Mirzo Ulug‘bek tumani Avayxon ko‘chasida soat 6.30da “Gaz-322132” rusumli mikroavtobus (davlat raqami 01 326 ZCA, “Zilola trans”) to‘xtatildi. Transport vositasi haydovchisi D.Norxo‘jayevga salon eshigini yopmay boshqargani ma’muriy bayonnoma tuzildi. 

         Taksi haydovchilari (“Neksiya”, 01498 TTS va 01 492 TTS, “Xenon transport biznes” MCHJ) T.Sharipov va F.Alibekov hamda ularning rahbari J.Sobirovga esa transport vositalarini saqlash qoidalarini buzganligi uchun choralar ko‘rildi.

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech