Tezkor xabarlar

11 sentabr kuni taxminan soat 00.30 da “102” raqamiga Yakkasaroy tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli Azizbek A. ismli fuqaro qo’ng’iroq qildi. Uning xabar berishicha, unga notanish bo’lgan kishi uning narxi 250 AQSH dollariga teng bo’lgan “iPhone” rusumli mobil telefonini tortib olgan. Hodisa Chilonzor tumanidagi Kichik xalqa avtomobil yo’lida sodir bo’ldi. Jabrlanuvchining xabar berishicha, notanish kishi uning yoniga kelgan va shoshilinch qo’ng`iroq qilishi kerakligini aytib, uning telefonini so’ragan. Notanish kishi telefonda gaplashib bo’lgach, Azizbek undan telefonini qaytarib berishini so’ragan. U esa bunga javoban Azizbekni urib voqea joyidan yashirindi. Ushbu fakt bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 166 moddasi (“Talonchilik”) asosida jinoiy ish qo’zg’atilgan. Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv ishlari natijasida, yuqorida keltirilgan jinoyatni sodir etganlikda gumonlanuvchi tariqasida Toshkent viloyati Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi 19 yoshli Doniyor T. qo’lga olindi.

***

Prokuratura idoralariga Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 63 yoshli Ibodulla E. ismli fuqaro murojaat qildi. Uning xabar berishicha, u o’tgan yilning sentabr oyida farzandlarini Chirchiq davlat pedagogika institutiga kontrakt asosida o’qishga kiritib qo’yishni va’da qilgan notanish kishilarga to’rt ming AQSH dollari miqdorida pul bergan.  Biroq notanish kishilar o’z va’dalariga xilof qiganlari sababli Ibodulla E. huquqni muhofaza qiluvchi idoralarga murojaat qilishga majbur bo’lgan. Ushbu fakt bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi 2 qismi (“Firibgarlik”) asosida jinoiy ish qo’zg’atilgan. Gumonlanuvchilardan biri – Qashqadaryo viloyatida istiqomat qiluvchi 50 yoshli Safarali Y. qo’lga olindi. Ikkinchi gumonlanuvchini qo’lga olish uchun choralar ko’rilmoqda.

***

Ichki ishlar idoralariga 40 yoshli Nigora X. ismli fuqaro murojaat qildi. Murojaatchining xabar berishicha, joriy yilning aprel oyida uning tanishi bo’lgan 46 yoshli Saida Z. undan umumiy qiymati 59 250 000 so’mga teng bo’lgan tilla taqinchoqlarni olib, ularni sotib berishni va’da qilgan. Ammo, oradan besh oy o’tganligiga qaramasdan, Saida jabrlanuvchiga pul ham, taqinchoqlarni ham qaytarib bermadi. Ushbu fakt bo’yicha Sergeli tumani IIO FMB qoshidagi tergov bo’limi tomonidan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168 moddasi (“Firibgarlik”) asosida jinoiy ish qo’zg’atilgan. Sud tomonidan gumonlanuvchiga nisbatan tegishli tarzda yurish-turish haqida tilxat ko’rinishidagi jinoyatning oldini olish chorasi ko’rildi.

***

Bektemir tumanida nosvoy ishlab chiqaradigan yashirin “korxona” faoliyati fosh qilindi. Bu ushni o’z uyida ushbu tumanda istiqomat qiluvchi 36 yoshli Muzaffar I. ismli fuqaro tashkil qilgan. Ushbu fakt bo’yicha Bektemir tumani prokuraturasi qoshidagi Departament tomonidan O’zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 186 moddasining 1 qismi (“Etil spirti, alkogolli mahsulot va tamaki mahsulotini qonunga xilof ravishda ishlab chiqarish yoki muomalaga kiritish”) va 1861 moddaning “a” bandi bo’yicha jinoiy ish qo’zg’atildi.