Bektemir tumanidagi yong‘in haqida

Bektemir tumanidagi 4 qavatli 57-uyda sodir bo‘lgan yong‘in haqida Toshkent shahar IIBB YOHBga soat 17:46da xabar kelib tushdi. Ma’lum bo‘lishicha ko‘p qavatli ushbu uyning cherdagi, 2,3,4 qavatlardagi 3 ta xonadonning balkoni va xonalari qisman yonayotgan bo‘lgan. Jami 820 kv. metr maydon alanga ichida qolgan. Dastlabki o‘t o‘chirish guruhi voqea joyiga soat 17:54 da yetib kelgan. Umumiy hisobda 8 ta asosiy o‘t o‘chirish mashinasi jalb qilinib, ularning 6 tasi 2 va 4 tonnalik suv zaxirasiga ega bo‘lgan. Bundan tashqari 4 ta narvon va bitta aloqa maxsus mashinasi ham jalb qilingan. Shunday ekan Internetda suv yetishmagani haqida tarqatilayotgan xabarlar mutlaqo asossiz.

Yong‘in soat 19:40 da to‘liq bartaraf etilgan. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, yong‘inga 2-qavatga o‘rnatilgan konditsionerning elektr simida yuzaga kelgan qisqa tutashuv sabab bo‘lgan. Binoning tom qismidagi yog‘och qurilmalar va quruq shohlar uchqun ta’sirida yonib ketgan. Yong‘inga qarshi kurash yuqori qavatning tomida olib borilganligi sabab bir nechta xonadonlar suv ostida qolgan.

Ushbu xonadonlarni ta’mirlash va qayta tiklash maqsadida shahar va tuman hokimliklarining mutaxassislaridan iborat shtab va ishchi guruhi tuzildi.