13 Iyul 2018 Yil 3058

IIBB soxta elektr tarmog‘i inspektorini fosh etdi

Yunusobod tumanidagi do‘konning egasi yarim yil davomida elektr energiyasi uchun to‘lovlarni o‘zini elektr energiyasi bo‘yicha tuman inspektori deb tanishtirgan shaxsga to‘lab kelgan edi. Agar xizmatning haqiqiy xodimi kelib, voqeaga oydinlik kiritmaganida bu holat yana qancha davom etardi, noma’lum!

1973 yilda tug‘ilgan Ulug‘bek M. 2017 yilning iyul oyigacha elektr Yunusobod tumani elektr ta’minoti korxonasida ishlab kelgan. Ishdan bo‘shagach, xizmat guvohnomasini topshirmagan va soxta xodim sifatida avvalgi mijozlarning biridan elektr uchun pul undirib kelgan.

Birinchi ana shunday holat 2018 yilning 10 yanvarida sodir bo‘lgandi. O‘shanda do‘kon egasi Abduvali I. chiroq uchun 200 ming so‘m to‘lagan. Ulug‘bekning so‘zlariga ko‘ra, fevral oyida “to‘lovlar biroz ko‘tarilgan” va endi u oyiga 250 ming so‘mdan “to‘lov” larni qabul qila boshlagan. Shu tariqa Abduvali har oyning 10-sanasida soxta inspektorga aytgan pulini berib kelgan. Tabiiyki Ulug‘bek bu pullarni kassaga to‘lamagan, o‘z ehtiyoji uchun sarflab yuborgan. Qiziq tomoni, jabrlanuvchini inspektorning to‘lovni amalga oshirganlik to‘g‘risidagi kvitansiyani bermagani ham shubha uyg‘otmagan, xavotirga solmagan. Uning ishonuvchanligidan foydalangan huquqbuzar Ulug‘bek kattaroq summani undirishga qaror qilgan va aprel oyida shartnoma qayta imzolash lozimligini aytib, 1 million 200 ming so‘m olgan.

Abduvalining oldiga haqiqiy TES xodimi kelib uning qarzdorligi haqida ma’lum qilganida, yolg‘onning tagi ochildi. Holat bo‘yicha, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) bilan jinoiy ish ochildi. Olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida huquqbuzarning shaxsi aniqlandi. Tergov jarayoni vaqtida sud gumondorni garov evaziga ozodlikda qolishi haqida qaror qildi. Hozirda Ulug‘bekning shunga o‘xshash boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Hurmatli hamshaharlar! O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Elektr energiyasi va tabiiy gaz yetkazib berish hamda iste’mol qilish sohasida to‘lov intizomini yanada mustahkamlash, shuningdek, ijro ishi yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5059-sonli Farmoniga asosan O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro Byurosiga:

-sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarining so‘zsiz ijrosini ta’minlash, ijro hujjatlari hamda undirilgan mablag‘larning haqqoniy hisobini yuritish, ijro ishi yuritishda sansalorlik va suiiste’molchilik holatlarini oldini olish;

-elektr, gaz uzatish, gaz taqsimlash, suv chiqarish, vodoprovod va kanalizatsiya tarmoqlariga noqonuniy ulanish, talon-toroj holatlarini aniqlash, bartaraf etish va oldini olish;

-elektr energiyasi va tabiiy gaz (keyingi o‘rinlarda energiya resurslari deb ataladi) va suv uchun to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq undirilishini, iste’molchilarning qarzdorligi kamaytirilishini ta’minlash;

-energiya resurslari va suv iste’molini nazorat qilish va hisobga olishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlari, shuningdek, muqobil energiya manbalarining joriy etilishi ustidan monitoring o‘tkazish;

-energiya resurslari va suvni sotish va iste’moli hisobini yuritishda ishtirok etish kabi vazifalar yuklatilgan.

 

MIB xodimlari maxsus logotipli forma va bosh kiyim hamda raqamli jetonga ega. To‘lovlar naqd va bank plastik kartalari orqali qabul qilinadi va joyida kvitansiya beriladi. MIB faoliyatiga doir savollar bilan kun-u tun 1107 qisqa raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingiz, shuningdek, Byuroning hududiy bo‘limlariga ham murojaat qilishingiz mumkin. Byuroning rasmiy veb sayti: www.mib.uz

 

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech