Ichki Mongoliya Avtonom tumani Jamoatchilik xavfsizligi departamenti delegatsiyasi tashrifiga doir

Xitoy Xalq Respublikasi Ichki Mongoliya Avtonom tumani jamoatchilik xavfsizligi departamenti delegatsiyasining yurtimizga tashrifi doirasida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda mazkur huquq-tartibot organlarining o‘zaro hamkorligiga oid masalalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston va Xitoy Xalq Respublikasi o‘rtasida hamkorlik aloqalari bugun qariyb barcha sohalarni qamrab olgan. Ushbu aloqalar Xitoy tomoni tashabbusi bilan amaliyotga tadbiq etilayotgan “Bir makon-bir yo‘l” konsepsiyasi doirasida yanada rivoj topmoqda. Xususan jamoat xavfsizligini ta’minlash, jinoyatchilikka qarshi kurashishda o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kabi masalalarda ham tomonlarda o‘zaro manfaatli munosabatlar shakllanib bormoqda.

Ichki Mongoliya Avtonom tumani Jamoatchilik xavfsizligi departamenti boshlig‘i o‘rinbosari – janob Chen Insze boshchiligidagi delegatsiya a’zolari va Toshkent shahar IIBB vakillari ishtirokida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ham shu haqda so‘z borib, sohada tajriba almashish, jumladan, xalqaro terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi hamda jinoyatlarni fosh etishda yaqindan hamkorlik qilishdan tomonlarning manfaatdorligi qayd etib o‘tildi.

Chen Insze – “Davlatlarimiz o‘rtasidagi do‘stona va teng huquqli munosabatlar o‘rnatilgani qator sohalarda hamkorlik qilish va yutuqlarga erishish imkonini bermoqda. O‘zbekiston dunyoning eng xavfsiz va tinch mamlakatlari qatorida yetakchi o‘rinda turadi va yurtingizda bu sohada katta tajriba bor. Xususan Toshkent shahrida jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha qo‘lga kiritilayotgan yutuqlardan xabardormiz. Shundan kelib chiqib, ikki tomonlama doimiy aloqalarni yo‘lga qo‘yish, tajriba almashish maqsadida bugungiday tashriflarni muntazam amalga oshirishni rejalashtirganmiz”.

Uchrashuvda shuningdek hamkorlikning boshqa yo‘nalishlari: xususan, kadrlar tayyorlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi, yoshlar va voyaga yetmaganlar ishtirokidagi jinoyatlarga qarshi kurashishda ham o‘zaro tajriba almashish amaliyotlari muhokama qilindi. Eslatib o‘tamiz, delegatsiya a’zolari tashrif doirasida Toshkent shahar YHX tizimi kompyuter boshqarmasi, Voyaga yetmaganlarga huquqiy va ijtimoiy yordam ko‘rsatish markazi hamda Ichki ishlar bo‘limlari faoliyati bilan ham yaqindan tanishadilar.