Toshkent shahar IIBB sohaga AKTni joriy etish bo’yicha Xitoy tajribasini o’rganadi

O’zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri o’rinbosari - Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig’i general-mayor Rustam Jo’rayev davlat organlari vakillaridan iborat O’zbekiston delegatsiyasi tarkibida Xitoy Xalq Respublikasiga tashrif buyurdi.

Tashrifdan ko’zlangan asosiy maqsad ushbu mamlakatda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida amaliyotga joriy qilingan texnologiyalar bilan yaqindan tanishishdan iborat. Jumladan, «Huawei» kompaniyasining mamlakatimiz delegatsiyasi a’zolari e’tiboriga o’zining eng so’nggi texnologik ishlanmalarini namoyish etishi rejalashtirilgan. Suchjou va Shenchjen shaharlaridagi politsiya mahkamasi markazlarida joriy etilgan “Xavfsiz shahar” dasturi shular jumlasidandir. Bundan tashqari kompaniyaning shaharsozlik, hududlarni obodonlashtirish kabi sohalardagi innovatsion yechimlari hamda “Aqlli shahar” konsepsiyasi doirasida uy-joy komunal tizimiga mo’ljallangan kommunikatsiya texnologiyalari bilan yaqindan tanishish ko’zda tutilgan. 

Mutaxassislarimiz favqulodda holatlarda boshqaruv tizimi, ma’lumotlarni qayta ishlash va saqlash bo’yicha Xitoy tajribasini o’rganadilar.

Dastlabki uchrashuvlarda delegatsiyamiz vakillari ikki tomonlama muzokaralarda ishtirok etdilar va innovatsion loyihalarning samaradorligi hamda ularning O’zbekistonda joriy etish va mahalliy sharoitga moslashtirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashdilar.