Fuqarolarga ijtimoiy-huquqiy yordam ko‘rsatish masalalariga bag‘ishlangan kengaytirilgan majlis o‘tkazildi

Mamlakatimizda bugun qariyb barcha sohalarda olib borilayotgan islohotlar, yangilanishlar qatorida inson, uning qadr-qimmati, manfaatlari, huquqiy erkinliklarini himoya qilishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Biroq, afsuski bugun tegishli organlar va jamoatchilik nazaridan chetga qolgan, uy-joyi yo‘q, qish-u yozin ko‘chada kun kechirayotgan shaxslar ham yo‘q emas. Toshkentda Respublika IIVning muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar hamda ularni bartaraf etish chora-tadbirlari mavzusiga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ko‘cha-kuyda baklashka terib, axlat titib yurganlarga e’tibor berganmisiz? Yoki qo‘l berib, holini so‘raganmisiz? Bekatlarda tunab yurganni-chi, nega bu yerda jonini zaxga berib yotgani bilan qiziqqanmisiz? Ko‘z yumolmaymiz, bugun poytaxtimizda yashash joyi va tayin ishi bo‘lmagan, turli sabablar bilan ko‘chada qolgan odamlar bor. Ularga deyarli har kuni duch kelib ko‘zimiz o‘rganib, eng yomoni yuragimiz ham achishmay ketgan. Ayni masalalarga bag‘ishlangan yig‘ilishda Prezident devoni, ichki ishlar vazirligi, Bosh prokuratura hamda shahar hokimligi mutasaddilari tomonidan muayyan yashash joyi bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish ishlari tanqid ostiga olindi. Bunday shaxslarga ko‘mak berish, sog‘lig‘ini tiklash, sog‘lom hayotga qaytarish bilan hech kim jiddiy shug‘ullanmayotgani keskin qoralandi.

Respublikamizda muayyan yashash joyiga ega bo‘lmagan shaxslarni reabilitatsiya qilish markazlari mavjud, lekin bu muassasalar ham bosh-panasiz kishilar muammosini to‘la to‘kis hal etish imkoniyatiga ega emas edi. Joriy yil mavjud qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlar esa shunday shaxslarning taqdiriga mas’ul organlarning aniq vazifalarini belgilab berdi.

Bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda yashash joyi bo‘lmagan shaxslar bilan ishlashni kuchaytirish, ularni har biri bilan alohida shug‘ullanish, sog‘lig‘ini tiklash, sog‘lom hayotga moslashtirish, pasport bilan masalalarini ijobiy hal etish, imkon qadar uy-joy bilan ta’minlash yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.