Fuqarolardan biri ichki ishlar organlariga yolgʻon koʻrsatma berdi

27-avgust kuni fuqarolardan biri 102 raqamiga qoʻngʻiroq qilib, bosqinchilik oqibatida uning yonida boʻlgan 58 million soʻm puli oʻgʻirlab ketilganligi haqida xabar beradi. Murojaatga koʻra, ushbu pullar aslida jabrlanuvchi haydovchi boʻlib ishlaydigan mebel korxonasiga tegishli ekanligini maʼlum boʻlgan.

Voqea joyiga – yaʼni Uchtepa tumaniga zudlik bilan tezkor-tergov guruhi yuborildi. Jabrlanuvchi, 25 yoshli U. Javohir IIBB xodimlariga voqea tafsilotlarini soʻzlab berar ekan, shu kuni u “Labo” rusumidagi xizmat mashinasida buyurtmachi oldidan katta pul bilan qaytib kelayotgan vaqtida “Matiz” rusumidagi mashina uning yoʻlini toʻsib toʻxtatgani va ichidan ikki nafar nomaʼlum shaxs tushib unga hujum qilganini, pichoq bilan poʻpisa qilib, yonidagi 58 million soʻm pulini olib nomaʼlum tomonga qochib ketishganini soʻzlab berdi. Javohirning soʻzlariga koʻra voqea Istirohat koʻchasida sodir boʻlgan.

Jinoyat qidiruv boʻlimi xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida aslida shu kuni hech qanday bosqinchilik jinoyati sodir etilmaganligi aniqlandi. Qarindoshiga tegishli xususiy korxonada haydovchi boʻlib ishlovchi Javohir buyurtmachidan olgan 58 million soʻm miqdoridagi pul mablagʻini shunchaki oʻzlashtirib olmoqchi boʻlgan. Pullarni doʻstining uyiga yashirib qoʻygach, bosqinchilik bilan bogʻliq voqeani ham toʻqib chiqargan. Barchasi haqiqatga yaqin boʻlishi uchun hatto oʻzini-oʻzi jarohatlagan. Ammo uning rejasi amalga oshmadi. Endi Javohir yolgʻonchiligi uchun qonun oldida javob beradi.