Belorussiya Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi tashrifiga doir

Belorussiya Respublikasi Ichki ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari boshchiligidagi ushbu yurt delegatsiyasi a’zolari mamlakatimizga tashrif doirasida Toshkent shahar IIBB faoliyati bilan tanishdilar.

Uchrashuvda mehmonlarga shahrimizda aholi xavfsizligini ta’minlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimi asosida olib borilayotgan ishlar natijasida pasayib borayotgan jinoiy holatlarning asosiy omillari haqida batafsil ma’lumot berildi.

Delegatsiya rahbari – Belorussiya Respublikasi Ichki ishlar vazirining 1-o‘rinbosari - general-mayor Ivan Podgurskiy xususan Bosh boshqarma Navbatchilik qismining faoliyati, bu yerda shaharda ro‘y berayotgan voqea-hodisalarning qay darajada qamrab olinishi va ularga qanchalik tezkorlikda chora-ko‘rilishi va sohaga tadbiq etilgan zamonaviy texnologiyalar bilan qiziqdi.

Delegatsiya a’zolarida ayniqsa, “Xavfsiz poytaxt” konsepsiyasi doirasida amalga oshirilayotgan uzluksiz patrullash tartibi katta taassurot uyg‘otdi.

Uchrashuvda tomonlar sohada hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlash, o‘zaro tajriba almashish va jinoyatchiliklarga qarshi birgalikda kurashish yuzasidan fikr almashdilar. Delegatsiya a’zolari shuningdek, Toshkent shahar IIBB qo‘riqlash xizmati hamda Olmazor tumanida yangi qurib bitkazilgan 2-sonli IIBda yaratilgan sharoit va ularning imkoniyatlari bilan ham tanishdilar.

Uchrashuv so‘ngida mehmonlarga Toshkent shahar IIBBningesdalik sovg‘alari topshirildi. Eslatib o‘tamiz, mazkur tashrif doirasida Muvofiqlashtiruvchi ishchi guruh rahbarlari tomonidan 2018-2019 yillarda O‘zbekiston va Belorussiya Respublikalari Ichki ishlar vazirliklarining o‘zaro hamkorliklari to‘g‘risidagi hujjat ham imzolandi.