Daraxtni kesgani uchun jarimaga tortildi

Toshkent shahar IIBB tezkor xodimlari Yashnobod tumanida daraxtlarni noqonuniy kesgan shaxsni aniqladilar

Shaxsi sir saqlanishini so‘ragan ayol kishi tumanning Shirinobod mahallasida noma’lum shaxs tomonidan chinor daraxtining kesilayotgani haqida xabar berdi.

O‘zbekiston Respublikasi Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining Davlat Bionazorat inspeksiyasi va Toshkent shahar IIBB tezkor guruhi tomonidan tuman obodonlashtirish bo‘limi xodimi F.Sodiqning (ismi o‘zgartirilgan) tegishli ruxsatnomasiz daraxt shoxlarini kesayotgani aniqlandi. Shu sabab ushbu fuqaroga nisbatan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 162-moddasiga ko‘ra, jarima belgilandi.

Eslatib o‘tamiz, daraxtlarni kesish bilan bog‘liq masalalar bilan Davlat Bionazorat inspeksiyasi Toshkent shahar bo‘linmasining (+99871) 268-36-86 raqamli “ishonch telefoni”ga murojaat qilishingiz mumkin.

Ma’lumot uchun:

162-modda. Shaharlardagi daraxtlarni shikastlantirish yoki ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash.

Ayrim joylarda imorat qurayotganda shu yerda o‘sib turgan dov-daraxtlarga shikast yetkazish, ularni o‘zboshimchalik bilan kesib tashlash yoki boshqa joyga ko‘chirish, shuningdek fuqarolar va mansabdor shaxslarning o‘z ixtiyorlaridagi dov-daraxtlarni muhofaza qilish choralarini ko‘rmasligi — fuqarolarga eng kam ish haqining uchdan bir qismidan bir baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.