Chorshanba – yong‘in profilaktikasi kuni

Toshkent shahar IIBB YXB xodimlari M.Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘qituvchi va talabalariga yong‘in kelib chiqqan paytda to‘g‘ri harakatlanish qoidalari haqida tushunchalar berib o‘tishdi.

Talabalar shaharchasida o‘tkazilgan profilaktika tadbirida oliy o‘quv yurtining professor-o‘qituvchilari, talabalari hamda yaqin hududlarda joylashgan mahallalardan taklif etilgan fuqarolar yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlarining yong‘inni bartaraf etish chora-tadbirlari va jabrlanganlarni qutqarish bo‘yicha ko‘rsatmalarini katta qiziqish bilan eshitib, amaliy mashg‘ulotlarida bevosita ishtirok etdilar. Tadbirda qatnashgan tibbiyot xodimlari o‘g‘il-qizlarga favqulodda vaziyatlar yuz berganda insonlarga birinchi tez tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyotini o‘rgatdilar. Yong‘inni o‘chirishda foydalaniladigan texnika talabalar va mahalla ahlida katta qiziqish uyg‘otdi.

Eslatib o‘tamiz, yong‘in profilaktikasi kuni doirasida davlat yong‘in xavfsizligi xizmati Toshkent shahar garnizoni xodimlari tomonidan yong‘in xavfsizligini ta’minlash, yong‘in sodir bo‘lishiga olib keladigan sabab va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, yong‘inlarning oldini olish sohasida davlat organlari, tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va aholi orasida tushuntirish ishlari olib borilmoqda.