Obodlik yo‘lida

Toshkent shahar IIBB YOXB xodimlari O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi Urush va mehnat faxriylari uchun respublika pansionatida obodonlashtirish va qurilish-ta’mirlash ishlarida yaqindan yordam berdilar. Zero, aholi gavjum joylar, tibbiyot muassasalari va jamoat tashkilotlari obodlik va farovonlik ko‘zgusidir. Yong‘in xavfsizligi boshqarmasi xodimlari tomonidan o‘tkazilgan xayriya tadbirida pansionat hududi obodonlashtirildi. Qarovsiz daraxtlar kesildi, ortiqcha shoh-shabbalar olib tashlandi. Gul ko‘chatlari va archalar ekildi. Ariq va zovurlar tozalandi. Shu kuni yong‘in xavfsizligi xodimlari o‘zlarining asosiy vazifalarini ham unutganlari yo‘q. Fursatdan foydalanib pansionatdagibino va inshootlarining yong‘inga qarshi holati to‘liq tekshiruv hamda profilaktik ko‘rikdan o‘tkazildi. Ishchi-xizmatchilar bilan tushuntirish ishlari olib borildi. Tashqariga chiqish-qutqarish yo‘llari ko‘rsatkichlar bilan jihozlandi. Evakuatsiya xaritasi ham yangilandi. Yong‘indan ogohlantiruvchi moslamalar qayta ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kamchiliklar joyida bartaraf etildi.

Bir so‘z bilan, tadbir muassasada yashovchi keksa yoshli insonlarda, faxriylarda katta taassurot qoldirdi. Yong‘in xavfsizligi xodimlari tomonidan ko‘rsatilgan ko‘mak ularni benihoya xursand qildi. Ham yong‘in xavfsizligi mustahkamlandi, ham atrof-muhit obod bo‘ldi.