7 Oktyabr 2021 Yil 899

Аchchiq muhabbat

Pandemiya inson hayotiga maʼlum o`zgarishlar kiritdi. Karantin sababli ko`plab yoshlar internet maydonidagi tanishish saytlari orqali muloqot qilishni boshlashdi.

Shu kabi tanishuvlar biri Madina va Baxtiyor o`rtasidagi tanishuvdir. Аprel oyining boshlarida 21 yoshli Madina ijtimoiy tarmoq orqali 26 yoshli Baxtiyor bilan tanishdi. Ular telegram orqali tez-tez gaplashadigan bo`lishdi. Bir oz vaqt o`tgach yigit va qiz bir-birlarini yoqtirib qolishdi. Qizga ular o`rtasidagi munosabat kuchayib, muhabbatga aylandek tuyulardi. Sevib qolgan kishi esa maʼshuqiga ishonishi maʼlumdir. Baxtiyor qurilish ishlari bilan shug`ullanar edi va karantinda ham ishsiz qolmadi. Kunlardan birida u Madinaga qo`ng`iroq qildi va biznes bilan shug`ullanmoqchi ekanligini aytib, Qozog`istondan kafel xarid qilish uchun pul so`radi. Mablag` katta emasdi, shuning uchun Madina darrov plastik kartasi orqali zarur pulni ko`chirib berdi. Oradan bir necha kun o`tgach Baxtiyor yana qo`ng`iroq qilib, kafellar sotilmaganini va ularni qaytarish uchun yana 1.000.000 so`m kerakligini aytdi. Pullarni tez orada qaytarishni vaʼda qilgan Baxtiyor vaʼdasida turmadi.

Sevgan kishining aldanishi oson. Baxtiyor Madinadan o`z nomiga 3.000.000 so`mlik telefonni kreditga olishini iltimos qildi. Yigitga telefon biznesni rivojlantirish uchun kerak bo`lgan ekan. Аmmo keyinchalik kreditni qiz to`lashiga to`g`ri keldi. Baxtiyor har safar pul ishlab qaytarib berishini vaʼda qilar edi. Madinaning esa Baxtiyorga nisbatan mehri oshib borar edi.

Kunlardan birida Baxtiyor Madinani ijarada turadigan uyiga taklif qildi va ular orasida yaqinlik sodir bo`ldi. Shu kuni kechqurun Baxtiyor Madinaga qo`ng`iroq qilib, ularning yaqinligi xonadon egasi tomonidan o`rnatilgan yashirin kamera orqali tasvirga tushirilganini, uy egasi 15 million so`m so`rab, aks holda videoni internetga joylashi bilan qo`rqitayotganini aytdi. Sharmandalikdan qo`rqqan Madina Baxtiyorga 500 АQSh dollarini berib yubordi. Bir necha kundan so`ng Baxtiyor yana qo`ng`iroq qilib, xonadon egasi videoni prokuraturaga topshirganini aytdi. Shuningdek Baxtiyor so`roqqa borib kelganini, tergovchi agar 20.000 АQSh dollari bermasa, Madina va uning ota-onasini chaqirib, videomaterialni ularga ko`rsatishi bilan qo`rqitganini qo`shimcha qildi. Baxtiyor uyini 18.000 АQSh dollariga sotib masalani hal qilishini aytdi, ammo 2000 АQSh dollarini Madinaning o`zi topishi kerak edi. Qizning otasi uydan pullar yo`qolayotganini payqab qolmaganida bu tovlamachilik yana qancha cho`zilishi mumkinligi nomaʼlum edi. Madina bilan otasi o`zaro gaplashib olishganida qiz hamma narsani aytib berishga majbur bo`ldi. Madinanig otasi qizini kechirdi va ular birgalikda huquqni muhofaza qilish organlariga ariza yozishdi. Madina sevgan insoni unga nisbatan bu kabi ishlarni sodir etishga qodir ekanligiga ishongisi kelmasdi. Keyingi kuni Madina va Baxtiyor kafeda uchrashishdi va Madina pullarni uzatganda Baxtiyor huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan qo`lga olindi. So`roq davomida Baxtiyor qilmishiga iqror bo`lib, qizni aldab olgan barcha pullarni o`z ehtiyojiga sarflab yuborganini aytdi. Baxtiyorga nisbatan O`zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi (“Firibgarlik”) 2-qismi va 165-moddasi (“Tovlamachilik”) 2-qismi bo`yicha jinoyat ishi qo`zg`atildi.

Qizni ishonchidan foydalangan yigit uning ruhiyatiga ham jarohat yetkazdi. Muhabbat baʼzida achchiq bo`lishi mumkin.

Belgilangan matnni tinglash uchun quyidagi tugmani bosing Powered by GSpeech