Ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektining ma’muriyati - tasarrufida, foydalanishida, ixtiyorida ommaviy tadbirni o‘tkazish obyekti joylashgan davlat organi, yuridik yoki jismoniy shaxs;
ommaviy tadbir - 100 va undan ko‘p kishilarning ishtirokida ijtimoiy-siyosiy (anjumanlar, konferensiyalar, syezdlar va boshqalar), madaniy-ommaviy va ko‘ngilochar-tomosha dasturlari (musiqiy, adabiy va boshqa festivallar, konsert, teatr, sport, reklama tadbirlari, xalq sayillari, sirk, milliy namoyishlar va o‘yinlar, ko‘rik-tanlovlar va boshqalar), shuningdek umumxalq, diniy, kasb bayramlarini o‘tkazish maqsadida ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektida tashkil qilinadigan fuqarolarning birgalikda qatnashishlari;
ommaviy tadbirni o‘tkazish obyekti - ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun maxsus mo‘ljallangan yoki moslashtirilgan, yong‘inga qarshi xavfsizlik, tez tibbiy yordam ko‘rsatish, evakuatsiya qilish, kommunikatsiya, muhandis-texnik himoya vositalari va ommaviy tadbir ishtirokchilarining xavfsizligini ta’minlashning boshqa vositalari va tizimlari bilan jihozlangan, birinchi va ikkinchi toifadagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlari ro‘yxatlariga kiritilgan ochiq joy uchastkalari, binolar, inshootlar va boshqa joylar (madaniyat-ma’rifat muassasalari, sport majmualari va boshqalar);
ommaviy tadbir tashkilotchisi - ommaviy tadbirni tashkil qilish va o‘tkazish majburiyatini o‘z zimmasiga olgan davlat organi, yuridik shaxs va 18 yoshga etgan jismoniy shaxs;
ommaviy tadbir dasturi - ommaviy tadbirni o‘tkazish maqsadlari, obyekti, sanasi va aniq vaqtini, har bir bosqichini o‘tkazish uchun javobgar bo‘lgan shaxslarni ko‘rsatgan holda uning asosiy bosqichlarining vaqt bo‘yicha jadvalini (bosqichma-bosqich rejasini), foydalaniladigan texnik va muhandis-texnik vositalar (sahna maydonchasi, ovoz kuchaytirish, elektr ta’minoti manbai, chiroq va pirotexnika bilan bezatilishi, tibbiy xizmat ko‘rsatish, ommaviy tadbir o‘tkazilgandan keyin hududning yig‘ishtirilishi)ni belgilab beruvchi, ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektining ma’muriyati bilan kelishuv bo‘yicha ommaviy tadbir tashkilotchisi tomonidan tasdiqlangan hujjat;
ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ruxsatnoma - ommaviy tadbirni o‘tkazish huquqini beradigan, vakolatli organ tomonidan qabul qilinadigan va ommaviy tadbir tashkilotchisiga beriladigan qaror;
vakolatli organ - Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tuman (shahar) hokimliklari;
ommaviy tadbir ishtirokchilari - ommaviy tadbir dasturida ko‘zda tutilgan ommaviy tadbirlarni amalga oshiruvchi tashkilotchilar, artistlar, sportchilar va boshqa shaxslar, shuningdek tomoshabinlar.
Ommaviy tadbir uni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida ichki ishlar organlari bilan shartnoma tuzilgandan keyin ommaviy tadbirni o‘tkazish uchun ruxsatnoma (keyingi o‘rinlarda ruxsatnoma deb ataladi) asosida, ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ommaviy tadbirning tashkilotchisi tomonidan o‘tkaziladi.
Ruxsatnoma olgunga qadar ommaviy tadbirning tashkilotchisi va boshqa shaxslar ommaviy axborot vositalarida, Internet tarmog‘ida ommaviy tadbirning o‘tkazilishi to‘g‘risida e’lon berish, reklama materiallarini tarqatish, ommaviy tadbirni o‘tkazish joyi, sanasi va vaqti to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqa tarzda tarqatish, chiptalar sotilishini amalga oshirish huquqiga ega emas.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti yoki O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarorlarida belgilangan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish obyektlarida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar olish talab qilinmaydi.
Xalqaro va umumdavlat ahamiyatiga ega bo‘lgan ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun ruxsatnomalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan kelishuv bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan beriladi.
Ruxsatnomalar, odatda, ommaviy tadbir tashkilotchisining arizasida ko‘rsatilgan muayyan tadbirni bir marotaba o‘tkazish uchun beriladi.
Bir qator ommaviy tadbirlar bir turdagi dastur bo‘yicha aynan bitta ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektida aynan bitta ommaviy tadbirning tashkilotchisi tomonidan o‘tkazilgan taqdirda (kinoseanslar, teatr spektakllari,ssirk tomoshalari va shu kabilar) ommaviy tadbir ishtirokchisining arizasiga ko‘ra vakolatli organ tomonidan ommaviy tadbirlarning umumiy sonini ko‘rsatgan holda, bir yilgacha amal qilish muddati bilan, bir qator ommaviy tadbirlarni o‘tkazish uchun yagona ruxsatnoma berilishi mumkin.
Tegishli hujjatlar bilan ruxsatnomalarni berish to‘g‘risidagi arizalarni qabul qilish, ularni ko‘rib chiqish, ruxsatnomalarni berish yoki ruxsatnomalar berishni rad etish, ularni qayta rasmiylashtirish, amal qilish muddatini uzaytirish, to‘xtatib turish, amal qilishini to‘xtatish yoki ruxsatnomani bekor qilish to‘g‘risidagi takliflarni tayyorlash va vakolatli organlar tomonidan ko‘rib chiqishga kiritish, shuningdek ommaviy tadbirlarni tashkil qilish va o‘tkazish tartibiga rioya etilishini nazorat qilish Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar, tumanlar (shaharlar) hokimliklari huzurida tashkil qilinadigan ommaviy tadbirlar o‘tkazilishini nazorat qilish komissiyalari (keyingi o‘rinlarda komissiyalar deb ataladi) tomonidan amalga oshiriladi.
Komissiyani vakolatli organ rahbarining tegishli o‘rinbosari boshqaradi. Komissiyaning tarkibiga hududiy ichki ishlar organlari, Davlat xavfsizlik xizmati, O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Sog‘liqni saqlash vazirligi va boshqa manfaatdor tashkilotlarning vakillari kiradi.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga doir chora-tadbirlar ommaviy tadbirning ishtirokchisi tomonidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasi bilan birgalikda tuziladigan ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash shartnomalariga ko‘ra ichki ishlar organlari tomonidan pulli asosda amalga oshiriladi.
Ommaviy tadbirlarni o‘tkazishda xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risidagi shartnomalarga muvofiq xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan pul mablag‘lari Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Toshkent shahar ichki ishlar bosh boshqarmasi va viloyat ichki ishlar boshqarmasining byudjetdan tashqari maxsus hisob raqamlariga o‘tkaziladi.
Sud tomonidan ishga layoqatsiz yoki layoqati cheklangan deb topilgan, sud hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylaridagi, yil davomida ommaviy tadbirlarni o‘tkazish qoidalarini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikka takroran tortilgan jismoniy shaxslar, shuningdek faoliyati qonun tomonidan belgilangan tartibda to‘xtatib qo‘yilgan yoki taqiqlangan nodavlat notijorat tashkilotlar ommaviy tadbirlarning tashkilotchilari bo‘la olmaydilar.
Ruxsatnoma olmasdan, shuningdek jamiyatning axloqiy asoslarini, umuminsoniy qadriyatlarni buzishga qaratilgan, konstitutsiyaviy tuzumni noqonuniy o‘zgartirish yoki O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzish, urush, zo‘ravonlik va shafqatsizlik, ijtimoiy, irqiy, millatchilik va diniy adovatni qo‘zg‘ash, qonunda taqiqlangan boshqa harakatlarni sodir etish maqsadidagi ommaviy tadbirlarni o‘tkazish taqiqlanadi.
Ruxsatnoma olish uchun ommaviy tadbir tashkilotchisi ommaviy tadbirni o‘tkazish mo‘ljallangan sanadan oldin o‘ttiz ish kunidan kechiktirmay tegishli hujjatlarni komissiyaga taqdim etadi.
Ommaviy tadbir tashkilotchisi ruxsatnoma olgandan keyin ommaviy tadbir boshlanishidan o‘n ish kuni oldin ichki ishlar organlari bilan ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida shartnoma tuzishi shart.
Ommaviy tadbir tashkilotchisi tomonidan ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida xavfsizlikni ta’minlash to‘g‘risida ichki ishlar organlari bilan shartnoma tuzilishi, pul mablag‘larining kelib tushishi va ulardan maqsadli foydalanilishini nazorat qilish ruxsatnomaga ko‘ra ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida zimmasiga fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini saqlash chora-tadbirlarini bajarish yuklangan ichki ishlar organi tomonidan amalga oshiriladi.
Ommaviy tadbirni o‘tkazishda uning ishtirokchilari fuqarolarning xavfsizligini va jamoat tartibini ta’minlashga qo‘yiladigan talablarga rioya qilishga, ommaviy tadbir tashkilotchisining va fuqarolar xavfsizligi hamda jamoat tartibini ta’minlash bo‘yicha majburiyatlarni bajaruvchi ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy talablarini bajarishi shart.
Ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida ommaviy tadbir ishtirokchilariga quyidagilar taqiqlanadi:
transport vositalari va piyodalarning harakatlanishiga to‘sqinlik qilish;
ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektiga tutash hududlarda joylashgan tashkilotlarning uzluksiz ishlashiga halaqit berish;
jamoat xavfsizligi, odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diruvchi, ommaviy tadbirni tashkil qilish va o‘tkazishning belgilangan tartibini buzuvchi yoki bunday xatti-harakatlarni sodir qilishga undovchi harakatlarni bajarish;
ichki ishlar organlarining xodimlari tomonidan xizmat majburiyatlarini bajarishlariga to‘sqinlik qilish maqsadida organ xodimlariga, shuningdek jamoat tartibini qo‘riqlashda ko‘mak beruvchi jamoatchilik vakillariga har qanday shaklda ta’sir o‘tkazish;
ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektining ma’muriyati tomonidan tasdiqlangan, ommaviy tadbirni o‘tkazish obyektiga olib kirilishi taqiqlangan predmetlar ro‘yxatiga kiritilgan sovuq, o‘qotar, gazli yoki boshqa qurollar, pirotexnika buyumlari, o‘q-dorilar, oson alangalanadigan va zaharli moddalar, sanchuvchi, kesuvchi va boshqa predmetlarni, shuningdek foydalanilishi odamlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirishi yoki fuqarolar va tashkilotlarga moddiy zarar etkazishi mumkin bo‘lgan maxsus tayyorlangan yoki moslashtirilgan predmetlarni olib yurish (sportchilar tomonidan sport tadbirlari dasturlarida ko‘zda tutilgan sport anjomlaridan foydalanishlari bundan mustasno);
sovuq, o‘qotar, gazli yoki boshqa qurollar, portlovchi moddalar va o‘q-dorilarning imitatorlari va mulyajlarini olib yurish (teatr va teatr tomoshalarida ulardan foydalanish bundan mustasno);
ommaviy tadbirga hayvonlar bilan kelish (ommaviy tadbir dasturiga muvofiq ulardan foydalanish bundan mustasno);
belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan nodavlat notijorat tashkilotlarning emblemalari, ramzlari, bayroqlari va vimpellaridan, shuningdek mazmuni jamiyatning axloqiy asoslarini, umuminsoniy qadriyatlarni buzishga qaratilgan, shuningdek konstitutsiyaviy tuzumni noqonuniy o‘zgartirish yoki O‘zbekiston Respublikasining hududiy yaxlitligini buzish, urush, zo‘ravonlik va shafqatsizlikni targ‘ib qilish, ijtimoiy, irqiy, millatchilik va diniy adovatni qo‘zg‘atish, qonun hujjatlari bilan taqiqlangan boshqa qilmishlarni sodir etish maqsadidagi emblemalar, ramzlar, bayroqlar, vimpellar, plakatlar, transparantlar va boshqa vositalardan foydalanish;
mast holatda yoki giyohvand vositalar, psixotrop yoki boshqa moddalarni iste’mol qilish oqibatida insonning intellektual-iroda faoliyatiga ta’sir ko‘rsatuvchi holatda bo‘lish.
To‘lik ma’lumotni O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Maxkamasining 2014 yil 29 iyulь kunidagi 205-sonli “Ommaviy tadbirlarni tashkil etish va o‘tkazish tartibini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroridan olishingiz munkin.
Toshkent shahrida ommaviy tadbir tashkilotchisi, Toshkent shahar Xokimiyati qoshidagi komissiya dan ruxsatnoma olgandan sung, IIBB bilan ommaviy tadbirni o‘tkazish vaqtida xavfsizlikni taьminlash tug‘risida shartnoma tuzish uchun quydagi raqamga qo‘ng‘iroq qilishingiz munkin: +998 71 230-94-35