TOSHKENT SHAHAR ICHKI ISHLAR BOSH BOSHQARMASI

Yolg‘izlatib qo‘ymang, qadrdon

Bundan bir necha yillar avval Rossiya va Qozog‘iston davlatlarida firibgarlikning yangi turi – telefon orqali fuqarolarning hissiyotlaridan foydalanib, pulga chuv tushirish uslubi keng tarqalgandi. Mana maʼlum muddat o‘tib, illat yuqumli, yomonlikning esa oyog‘i uzun, degani haqiqat ekanligi ayon bo‘ldi.Bugungi kunda poytaxtimizning ayrim tumanlarida belini og‘ritmay, jonini koyitmay mo‘may pul topish yo‘lini tanlagan bir guruh nopok shaxslar firibning bu turini o‘zlashtirib, fuqarolar, ayniqsa, keksalarni “nishonga” olib, o‘z g‘araz maqsadlarini amalga oshirishga kirishishdi. Bu qing‘irliklarda ayol kishining ham ishtirok etishi esa nihoyatda achinarlidir. Aynan o‘sha ayol sheriklari bergan telefon raqamlariga qo‘ng‘iroqni amalga oshirib, yig‘lab, oyisi yoki buvisiga avtohalokatga uchragani yoki mashinada birovni turtib yuborganligini yoxud uning aybi bilan yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘lganligini aytib, uni qamab qo‘ymasliklari uchun aytilgan pullarni zudlik bilan berib yuborishini iltimos qiladi. Yoxud o‘sha ayol yig‘lamsirab, jabrdiyda kasalxonada og‘ir ahvoldaligini, shifokorlar davolash uchun pul talab qilishayotganligini aytib, qo‘ngg‘iroqqa javob bergan qariyalarni sarosimaga solishadi.Bu kabi yolvorish, iltijolarni eshitgan qaysi ona yoki buvi jim chetda tura oladi. Kim jondan aziz farzandining umrini xazon qilgisi, yoshligini panjara ortida o‘tishi yoki bir umr to‘shakka mixlanib qolishini xohlaydi. Hech kim. Boz ustiga qo‘ng‘iroqlar tinmay, hali shifokordan, hali tergovchidan, hali jabrdiydadan gohi iltijo, gohi do‘q-po‘pisa ohangida kelib tursa... Bir zum xayolni joyiga qo‘yishga, vaziyatni anglashga, aql tarozusiga qo‘yishga fursat bermasa... Bu orada shoshilinchda yig‘ilgan pullar, pulga chaqiladigan qimmatbaho buyumlar solingan xaltachani olib ketish uchun kuryer eshikni taqillatib tursa...Joriy yilning 23 mart kuni poytaxt tumanlarining birida istiqomat qiluvchi nafaqadagi keksa ayolning uy telefoni jiringladi. Go‘shakni ko‘targan ayol nevarasining hayajonli ovozini eshitib esankirab qoldi. Nevarasining ishga eson-omon borib kelishini xayolidan o‘tkazib turgan ayol uchun bu kutilmagan voqea qattiq zarba bo‘ldi. Nevarasi yo‘lda bir o‘smirni turtib yuborgani, hozir kasalxonada o‘tirgani, shifokorlarga falon pulni bermasa ahvoli tangligi, jabrlanuvchining ota-onasi aytilgan pulni bermasa qamatib yuborishi bilan qo‘rqitayotganini aytib tinmay yig‘lardi. Bu orada kimdir go‘shakni olib, pulni tezlashtirmasa, nevarasining holi voyligini gapiradi, “shifokor” esa faloncha pul kerakligi, yo‘qsa, o‘smir vafot etishini aytadi. Shum xabardan o‘zini yo‘qotib qo‘ygan ayol zudlik bilan bor-budini yig‘ishtira boshlaydi. Ko‘p vaqt o‘tmay “chopar” ham eshikni taqillatadi. Nafaqasidan tejab-tergab, oxirgi manziliga atab yig‘ib qo‘yilgan bir yuzu yigirma million so‘m nevarasining “aybini yuvish, qamalib ketishdan asrash” uchun firibgarlarning cho‘ntagiga tushadi.Bu “aybdorning” tovoni. Firibning bir ko‘rinishi. Yana yaqinlarining o‘zlari avtohalokatga uchrashi yoki jabrlanib qolishi, yaʼni og‘ir ahvolda kasalxonaga tushib qolishi hodisalari ham amalda ko‘plab qo‘llanilganini eʼtirof etish mumkin.Ammo xalqimizda “buzoqning yugurgani somonxonagacha”, degan naql bor. Firibgarlar bir narsani unutishgan chog‘i, ular shoxida yursa, ichki ishlar xodimlari bargida yurishini.Bu kabi holatlar haqida ichki ishlar idoralariga murojaatlar tushishi bilan poytaxt IIBB rahbariyati tomonidan tegishli xizmat xodimlari jalb etilgan maxsus tadbirlar ishlab chiqildi. Aniq va rejali olib borilgan amaliy ishlar natijasida firibgarlikning hadisini olgan, jinoiy guruh aʼzolari qo‘lga olindi.Shu o‘rinda firibgarlarning ustalik bilan qo‘yilayotgan qopqoniga oson tushayotgan jabrdiydalarning soddaligini eʼtirof etmay iloj yo‘q. Respublikamizning ommaviy axborot vositalari, televideniye va radiolarda firibgarlarning qilmishlari haqida ko‘plab chiqishlar, ko‘rsatuvlar, ogohlantirishlar berilayotganiga qaramay, fuqarolarimizning aldanib qolayotganligi achinarli holdir. Ayniqsa, keksalarning. Tan olish kerak, keksalar, yolg‘izlar, o‘zgalar yordamiga muhtojlar ko‘p hollarda nopok, qabih kimsalarning domiga tushib qolishmoqda. Jinoyatchilar yaqinlarimizning ojiz tomonlaridan mohirona foydalanishmoqda. Qayd etish lozimki, keksalarimizni jinoiy guruh nayranglaridan asrash, baxtli keksaliklarini taʼminlash, noqonuniy harakatlardan himoya qilish - biz yaqinlari, qadrdonlarining burchidir. Kezi kelganda, ularning holidan tez-tez xabar olaylik, baʼzi jamiyatda ro‘y berayotgan ko‘ngilsiz hodisalardan ogoh etaylik, tashlab qo‘ymaylik, deb qayta-qayta eslatgin keladi.

19 Aprel 2024 Yil

136

Diqqat markazida yoshlar

Bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotgan voqealar hech kimni befarq qoldirmayapti. Mazkur holatlar jamiyatimizni, ayniqsa, kelajagimizni yaratuvchi yoshlarimizning ongu shuurini to‘g‘ri shakllantirishni, azaliy qadriyatlarimizga sodiqlik ruhida tarbiyalashni taqozo etmoqda. Yoshlarimizni millatimizga yot bo‘lgan turli tuman aqidayu g‘oyalardan himoya qilish, o‘z vaqtida nopok yo‘llardan qaytarish biz kattalar,ularning tarbiyasiga masʼullarning burchidir.Toshkent shahar Olmazor tumani “Ziyo” mahallasida joylashgan Glier nomli ixtisoslashtirilgan akademik litseyda “Ogohlik davr talabi” g‘oyasi ostida o‘tkazilgan tadbirning asosiy maqsadlari aynan shundan iborat. Unda IIV Akademiyasi professori polkovnik Sh.Mamadaliyev, poytaxt IIBB YHXB masʼul xodimlari, mahalla raislari, faollari, o‘quv muassasasi o‘qituvchi hamda o‘quvchilari ishtirok etishdi. Tadbir ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi. So‘zga chiqqanlar o‘quvchilarning ko‘plab savollariga javob berdilar. Tadbir bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda o‘tkazish, yoshlarning huquqiy bilim va saviyalarini izchil boyitib borish lozimligini ko‘rsatdi.Xuddi shunday tadbir poytaxtning Olmazor tumanida joylashgan Moliya akademik litseyida ham bo‘lib o‘tdi. Unda IIV Akademiyasi Tezkor qidiruv kafedrasi katta o‘qituvchisi, mayor t.Masharipov va kapitan O.O‘rinov, tuman boshqarmasi masʼul xodimlari, o‘quv dargohi o‘qituvchi va o‘quvchilari – jami ikki yuz nafardan ortiq kishi ishtirok etdi. Qatnashchilar maʼruzachilarning chiqishlarini katta qiziqish va diqqat bilan eshitishdi. Tadbir so‘ngida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollariga aniq va to‘liq javoblar olishdi.

17 Aprel 2024 Yil

433

Interaktiv xizmatlar

Text to speech