6 Mart 2023 Yil 3302

Ogoh bo‘ling! Buzg‘unchi g‘oyalar taʼsiriga tushib qolmang

Muqaddam bir nechta davlatlarda turli buzg‘unchi va adovat g‘oyalarini targ‘ib qiluvchi “Redan” harakati Toshkent shahriga kirib kelgani va o‘zining guruhini tashkil etgani haqida xabar bergan edik.

Joriy yilning 5 mart kuni ushbu guruh aʼzolari tomonidan soat 18.00 da Forumlar saroyi oldida yig‘ilish o‘tkazilishi va pnevmatika, sovuq qurollar, o‘qotar qurollar bilan qurollanib kelishligi haqida xabar chiqarilgan. Mazkur xabarlarni tekshirish va jamoat tartibi buzilishini oldini olish maqsadida Toshkent shahar iibb tomonidan maxsus tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazildi.

5 mart kuni taxminan soat 18.00 larda poytaxtimizning xalqaro Forumlar saroyi oldida 50 ga yaqin voyaga yetmaganlar to‘planganligi aniqlandi. Ular Yashnobod tumani IIO FMBga olib borilib, profilaktik suhbat o‘tkazildi. O‘rganishlar jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxslar ijtimoiy tarmoqlardagi “Redan” kanaliga aʼzoligi aniqlandi. Barcha voyaga yetmagan shaxslar shu kunning o‘zida ota-onasi yoki yaqinlari bilan birga uyiga qo‘yib yuborilgan, hech kim protsessual tartibda ushlanmagan.

Ommaviy tartibsizlikni, diniy, milliy, etnik adovatni targ‘ib qiluvchi xabarlarni tarqatgan shaxslarni aniqlash yuzasidan Toshkent shahar iibb tomonidan tekshiruv o‘tkazilmoqda.

Hurmatli poytaxtimiz aholisi va mehmonlari! Xabaringiz bor, hozirda ijtimoiy tarmoqlar orqali axborot xuruji avj olmoqda. Turli oqimlarning paydo bo‘lishi ketidan, g‘arazli niyatdagi shaxslar bu oqimlarni boshqarishga, buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qilishga, aholi orasida adovat va vohima uyg‘otishga harakat qilmoqda. “Redan” harakati aʼzolari tomonidan tarqatilgan xabarlar va shu mazmundagi boshqa xabarlarning barchasi Ichki ishlar organlari tomonidan tekshiriladi, har bir holat o‘rganiladi va qonuniy baho beriladi.

Hurmatli ota-onalar, farzandlaringiz nimalar bilan bandligi va ularning qiziqishiga eʼtiborli bo‘ling, bilib-bilmay ommaviy tartibsizliklarni va buzg‘unchi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi oqimlarga qo‘shilib qolmasligini nazorat qilishingizni so‘raymiz.

Barcha yangiliklar

Text to speech