Toshkent shahar IIBB haqida

Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi O'zbekiston Respublikasining 2016 yil 16 sentyabrdagi “Ichki ishlar organlari to'g'risida”gi qonuniga muvofiq, faoliyatini o'z vakolati doirasida quyidagi asosiy yo'nalishlarda amalga oshiradi: 

fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish;   

jamoat tartibini saqlash va xavfsizligini ta'minlash; tergovga qadar tekshiruvni, tezkor-qidiruv faoliyatini amalga oshirish, jinoyat ishlari bo‘yicha surishtiruv hamda dastlabki tergovni o‘tkazish;

jinoyatchilik va terrorizmga qarshi kurashish, shu jumladan terrorchilik harakatlariga chek qo‘yishda hamda garovga olinganlarni ozod qilishda ishtirok etish yo‘li bilan kurashish, shuningdek odam savdosiga qarshi kurashish;

huquqbuzarliklar profilaktikasi, ularning sabablarini va sodir etilishiga imkon berayotgan shart-sharoitlarni aniqlash hamda bartaraf etish, huquqbuzarliklarni sodir etishga moyil shaxslarni aniqlash;

ehtiyot choralarini, jinoiy jazoni va jinoiy-huquqiy ta’sir ko‘rsatishning boshqa choralarini ijro etish, shuningdek shaxslarni qidirish bo‘yicha ishlarni tashkil etish;

ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni yuritish, ma’muriy jazolarni qo‘llash to‘g‘risidagi qarorlarni ijro etish;

yo'l harakati xavfsizligini ta'minlash;

pasport tizimi talablarining bajarilishini ta’minlash, O‘zbekiston Respublikasidan chiqish va unga kirish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni, doimiy va vaqtincha yashash uchun ruxsatnomalarni berishga hamda rasmiylashtirishga doir ishlarni, pasport tizimiga va O‘zbekiston Respublikasi hududida bo‘lish qoidalariga rioya etilishi ustidan nazorat qilishni amalga oshirish;

sanoat uchun mo‘ljallangan portlovchi materiallarning, shuningdek pirotexnika buyumlarining, giyohvandlik vositalarining, psixotrop moddalarning va ular prekursorlarining muomalada bo‘lishi sohasida nazorat qilish;

ekspert-kriminalistika faoliyatini amalga oshirish; davlat obyektlarini, o‘ta muhim, toifalangan obyektlarni va boshqa obyektlarni, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini qo‘riqlash;

litsenziyalash va ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni berish, shuningdek litsenziya va ruxsat etishga oid talablarga hamda shartlarga rioya etilishini nazorat qilish;

harbiy-safarbarlik ishlarini va fuqaro muhofazasi tadbirlarini amalga oshirish;

qonun ijodkorligi faoliyatida hamda jamiyatda huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirishga doir ishlarda ishtirok etish.

Mazkur Qonunning 5-moddasiga ko'ra, ichki ishlar organlari faoliyatining asosiy prinsiplari qonuniylik, yagonalik, fuqarolarning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlariga rioya etish hamda ushbu huquqlar, erkinliklar va qonuniy manfaatlarni hurmat qilish, ochiqlik va shaffoflikdan iborat.

2018 yil 14 fevralda O'zbekiston Respulikasi Prezidentining “Toshkent shahrida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish to‘g‘risida”gi PQ-3528-sonli Qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, jamoat tartibini saqlash, avvalambor, voyaga yetmagan va yoshlar o‘rtasidagi huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini oshirish, huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarning buzg‘unchi tahdidlarni barvaqt aniqlash bo‘yicha yakdil harakatlarni, ularni hamkorlikda va sifatli bartaraf etilishini ta’minlash maqsadida, shuningdek, 2017 — 2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi tuzilmalarining jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini kelgusida tashkil etishning ustuvor yo'nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

birinchidan, taraqqiy etayotgan poytaxt xavfsizligining garovi sifatida harakatlar yakdilligi asosida barcha davlat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan o‘zaro hamkorlik qilishning amaliy mexanizmini joriy etish;

ikkinchidan, “Jaholatga qarshi ma’rifat” ezgu g‘oyasi asosida har bir mahalla kesimida diniy-ekstremistik xususiyatga ega bo‘lgan huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini barvaqt aniqlash va bartaraf etishga, birinchi navbatda, ekstremistik oqim mafkurasi ta’siri ostiga tushib qolgan shaxslarni tuzatishga alohida e’tibor qaratish;

uchinchidan, prokuratura organlari tomonidan kundalik asosda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga, shu jumladan, ish o‘rinlarini yaratish va aholi bandligini ta’minlashga amaliy yordam ko‘rsatish, shuningdek, aniqlangan qonunbuzarliklar, sun’iy to‘siq va g‘ovlarni bartaraf etish bo‘yicha zarur choralar ko‘rish;

to‘rtinchidan, aholiga eng yaqin bo‘lgan joylarda kuch va vositalar faoliyatini bevosita boshqarish va muvofiqlashtirishning samarali tizimini yaratish maqsadida Toshkent shahar ichki ishlar organlarining amaldagi tuzilmasini takomillashtirish;

beshinchidan, Toshkent shahar ichki ishlar organlari shaxsiy tarkibining intellektual va kasbiy darajasini oshirish, ularga qo‘shimcha tadbir va ishlardagi ishtiroki tufayli ortiqcha vazifalar yuklanishini bartaraf etish maqsadida sohaviy xizmatlar o‘rtasidagi vazifalarning aniq chegaralarini belgilash;

oltinchidan, jinoyatlarga choralar ko‘rish va ularni fosh etishda, birinchi navbatda, tezkorlik va muvofiqlashgan hamkorlikni ta’minlash maqsadida Toshkent shahar huquqni muhofaza qiluvchi organlarini “Xavfsiz shahar” apparat-dasturiy kompleksi imkoniyatlaridan keng foydalanishga yo‘naltirish.


Barcha yangiliklar

Text to speech