12 Oktyabr 2024 Yil 686

Uylariga yetib olish yetti yilga qoldirildi

      “Biz anchadan beri ish izlayotgandik. O‘sha kuni ish qidirib Yashnobod tumanini rosa aylandik, yonimizda pulimiz qolmadi. Piyoda yurib charchadik. Tungi soat birlarga yaqin vaqt edi. Ko‘chada transport vositalari to‘xtamadi. Uyga yetib olaylik deb, avtoturargohda turgan Damas avtomashinasini minib ketdik. Ertasi kuni uni olib kelib bermoqchi edik. Ammo yo‘lda u o‘chib qoldi. O‘sha joyda qoldirib ketdik.”


       Bu ko‘rsatmani o‘qib,  ishlash ishtiyoqida tinmay och-nahor shahar kezib ish qidirgan, yetmaganiga pulsiz qolgan yigitlar ko‘z oldingizga kelgandir, ehtimol ularga xayrxohlik hissi uyg‘ongandir?!


        Lekin, o‘zlarining jinoiy qilmishlarini xaspo‘shlamoqchi bo‘lgan Bekzodjon bilan Baxtiyorlarning jazodan qochib qutulish uchun o‘ylab topgan vaj-karsonlari bu. Nimamishki, avtomashina yo‘lda o‘chib qolgach, tunda ko‘chada qolib ketmaslik uchun ular Yangihayot tumanidagi ko‘chalarning birida turgan Damas avtomashinasiga  minib ketganmish. Biroq shunda ham uylariga yetib ololmaganmish.Chunki, yo‘lda “bag‘ritosh va hissiz” Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘xtatilib, ular ichki ishlar organlariga olib kelinganmish. Soddalikni qarang!


       Aslida  bu ikki  navqiron  yigitlar – Bekzodjon 2004 yilda tug‘ilgan, muqaddam 2019 yilda Bekobod shahar sudi tomonidan Respublika Jinoyat kodeksining 169-modda (“O‘g‘irlik”) bilan  sudlangan. Hamtovog‘i  Baxtiyor 2004 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlanmagan. Ular  oldindan til biriktirib, transport vositasini olib qochish va o‘zlashtirish niyatida,  2023 yilning 12 dekabri tunida Yashnobod tumani “Tarnovboshi” mahalla hududida izg‘ib yurgan. Fuqaro M.Tolibga tegishli bo‘lgan Damas avtomashinasining yukxona eshigi ochiqligidan foydalanib, yukxona orqali kirishadi. Otvyortka yordamida  rul qismi plastmassasini yechib, simlarni ulash orqali o‘t oldirib olib qochishga muvaffaq bo‘lishgan. Ammo Yangihayot tumanida harakatlanayotgan vaqtda avtomashina ehtiyot qismlariga bo‘linib, bo‘linib parokanda bo‘lishini sezdimi, o‘chib qoldi. Uni o‘t oldirolmay xunob bo‘lgan ikkisi so‘kina-so‘kina avtomashina ballonlarini tepib, alamini olarkan, yana avtoulov qidirishga tutinishdi. Yangihayot tumani  Yangi Choshtepa  mahallasidagi  uylar yonida turgan  fuqaro B.Ulug‘bekka tegishli Damas avtomashinasiga ko‘zi tushdi. Otvyortka yordamida amallab ochib, yuqoridagi usulda o‘t oldirib, haydab ketishadi.


        –  Yigitlar gapni bir joyga qo‘yib, kelishgan holda yuqoridagi bahonaga tayanib turib olishdi. Go‘yoki, bu uydirmasi ayblarini yuvish uchun dastak bo‘ladigandek. Jinoyat kodeksida “tunda uyga yetib olish” maqsadida o‘zganing transport vositasini olib qochish uchun jazo yo‘q, deyilmagan. Dastlabki tergov jarayonida har biri o‘zini jazodan asrab qolish uchun aybni bir-birlariga ag‘dara boshlashdi,  –  deydi Yashnobod tumani IIO FMB huzuridagi Tergov  bo‘limi bo‘linma boshlig‘i, mayor Baxtiyor Abduxalilov. –  Tergov harakatlari davomida har ikkisining xatti-harakatlariga  qonunan baho berildi va tasniflandi.


        Jinoyat ishlari bo‘yicha Yashnobod tuman sudi ochiq sud majlisida ushbu jinoiy qilmishni ko‘rib chiqib, M.Bekzodjon va T.Baxtiyorni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining  267-moddasi (“Transport vositasini olib qochish”) bilan aybli deb topdi. Mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llagan holda har ikkisini  7 yilga ozodlikdan mahrum qilish jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech