8 Oktyabr 2024 Yil 607

Giyohvandlik vositalarini yashirish yo‘li bilan tarqatish (“zakladka”) holatlari fosh etildi

      Poytaxt hududida o‘tkazilayotgan giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish oyligi doirasidagi tezkor-profilaktik tadbirlar davomida Sergeli tumanida yana bir jinoiy harakatlarga chek qo‘yildi. Tumanning IIO FMB xodimlari tomonidan o‘zlarining hatti-harakatlari bilan shubha uyg‘otgan ikki shaxs to‘xtatildi. 2004 yilda tug‘ilgan B. va uning tanishi, voyaga yetmagan 2008 yilda tug‘ilgan A. xolislar ishtirokida tekshirildi. Tekshirish natijasida birining yonidan 5 dona, ikkinchisining yonidan 10 dona sellofan paketchalarga o‘ralgan o‘tkir hidli moddalar topildi. Suhbat jarayonida ular xuddi shunday 5 dona paketchalarni “buyurtma” bo‘yicha joylashtirganligini maʼlum qilishdi va xufyona manzilni ko‘rsatib berishdi. Shuningdek, ular tanishi S.ning ham uyida shunday moddalar borligini maʼlum qilishdi. S.ning xonadoni xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, u 10 dona giyohvandlik moddalari solingan paketchalarni topshirdi.


       Oylik doirasida yana bir giyohvandlik moddasini tarqatuvchi shaxs ushlandi. Poytaxtning Mirzo Ulug‘bek tumani IIO FMB xodimlari tomonidan 2005 yilda tug‘ilgan A. O‘zini shubhali tutganligi sababli to‘xtatilib  tekshirilganda, uning yonidan 19 dona qadoqlangan: polietilen paketlarga solinib, izolenta bilan o‘ralgan qizg‘ish-jigarrang, o‘tkir hidli ashyolar xolislar ishtirokida olindi. Shu yerning o‘zida u ko‘chaning xilvat joyiga joylashtirgan 1 dona xuddi shunday modda yashirilgan xufyona manzilni ko‘rsatib berdi.


      Yuqorida qayd etilgan barcha holatlar yuzasidan Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi (“Giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish”) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, gumon qilinuvchilarga nisbatan qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llangan, tergov harakatlari davom etmoqda.

Barcha yangiliklar

Text to speech