13 Avgust 2024 Yil 1124

Andishaning oti “qo‘rqoq”...mi?!

         Farhodning negadir bugun ishga borgisi kelmadi. Ammo shundoq ham sherigi Dilmurod savdoda g‘irromlik qilayotgani uni ishga otlanishga majbur qildi. Dilmurod Farhodning yo‘qligida xaridorlarga mahsulotlarning narxini belgilanganidan oshirib aytar, natijada xaridorlar olmay ketardi. Farhod o‘zi savdo qilgan kunlari esa savdo ko‘ngildagiday kechardi. Dilmurodning tushumlarda ham qo‘li egriligidan shubha qilgan Farhod shuncha payt andisha qilgani, bugun esa ochiqchasiga gaplashishni ko‘ngliga tugdi: axir qachongacha chidaydi, tanishi bo‘lsa undan nari. Nima uchun unga “qorovul” bo‘lishi kerak, uni deb zarar ko‘rishi kerak?! Negayam uni ishga olgan o‘zi, odam qurigandek?! Tanish-bilishlikning oqibati shunday bo‘lishi kerakmi?!


         O‘shanda 2023 yilning 27 may kuni edi. Farhod oyog‘i tortmaganiga qaramay, soat o‘n yarimlarda do‘konga kirib keldi. U kelganda bir-ikki xaridor aftidan,  kiyimlarning narxini so‘ragan-u, qimmatligidan norozi bo‘lib chiqib ketishayotgandi. Farhod dabdurustdan Dilmurodga qarab:


       – To‘g‘risini ayt, nima so‘ragandi-yu, narxini qancha deding?!


       – Hech narsa so‘rashmadi. Qarab-qarab, indamay chiqib ketishdi.


       Ammo Farhod Dilmurodning ko‘zlarini olib qochib gapirishidan aldayotganini sezib, uni yolg‘onchilikda va qing‘irlikda ayblay boshladi. Dilmurod ham jim turmadi:


       - E-e-e, olsang ishingni olasan, jonimni olarmiding?! Qo‘lingda osmon bo‘lsa, tashlab yubor, he seni...– deya baland kelib, haqoratladi.


        Haqoratdan jahlini jilovlay olmagan Farhod peshtaxta ustida turgan qaychini olib, jon-jahdi bilan Dilmurodga sancha ketdi. Yaxshiyamki, yonidagi do‘kon sotuvchisi va rastalarni aylanib yurgan xaridorlar ularni ajratib, tegishli joylarga qo‘ng‘iroq qilishdi.


          – Jahl kelganda, aql ketar, deb donolar bejiz aytishmagan, – deydi Chilonzor tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, leytenant Bahrom Egamberdiyev. – Farhod sherigining qing‘ir ishlaridan xabardor ekan, ayblarini aytib, oddiygina ishdan bo‘shatib yuborishi mumkin edi. Afsuski, tanishi bo‘lgani uchun yuzidan o‘ta olmagan. Oxiri esa o‘ziga jabr bo‘ldi.


          Sud-tibbiy ekspertizasi jabrlanuvchiga hayot uchun xavfli jarohatlar yetkazilganligi, umumiy mehnat faoliyatining 33 foizini yo‘qotishga sabab bo‘lganligini tasdiqladi.


          1999 yilda tug‘ilgan, maʼlumoti o‘rta, ikki nafar farzandli, ilgari sudlanmagan Farhod Jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tumani sudi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasi 2-qismi “l” bandi (“Qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish”) bilan aybdor, deb topildi. Sud mazkur kodeksning 57-moddasini qo‘llab, Farhodni har oylik ish haqining 30 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda, 3 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosiga hukm qildi.

Barcha yangiliklar

Text to speech