Har qanday kasbda muvaffaqiyatning kaliti – to‘g‘ri berilgan ta’lim va tajribali ustoz o‘gitidir. Toshkent shahar IIBB YHXB YPX brigadasi 3-batalyon 2-safarbarlik guruhi inspektori, leytenant Islom Abdusharipovning sohada o‘z o‘rnini topishida va xizmat sirlarini mukammal egallashida uning ustozi, katta serjant Sherali Jo‘rayevning o‘rni alohida. Ustozidan nafaqat kasbiy bilimlarni, balki fuqarolar bilan muomala madaniyatini, eng murakkab vaziyatlarda ham vazminlikni saqlab turishni o‘rgangan.
Islombekning bu kasbga bo‘lgan mehri bejiz emas. Oilasida el-yurt osoyishtaligini himoya qilishga bel bog‘la gan akalari bor. Umrbek Matkarimov Chilonzor tumani IIOFMB HPB proilaktika inspektori, kapitan. Yana bir akasi esa Xorazm viloyatida majburiy ijro byurosida faoliyat yuritmoqda. Akalarining huquqiy idoralarda xizmat qilishi lavhamiz qahramonining o‘z kasbiga bo‘lgan sadoqati va mas’uliyatini yanada mustahkamlaydi. Islom o‘z xizmat vazifasini faqatgina yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlashdan iborat deb bilmaydi. Uning hushyorligi va har bir shubhali holatni to‘g‘ri baholay olishi natijasida bir nechta jinoyatlar ham fosh etildi. Xususan, Jinoyat kodeksida nazarda tutilgan qonunbuzarlik bilan ayblanib, tergov organlaridan yashirinib yurgan va qidiruvda bo‘lgan shaxslarni aniqlashda ham jonbozlik ko‘rsatmoqda.
Xizmat faoliyati davomida, ayniqsa, qishning ayozli kunlarida, yo‘llarda qor va muzlamalar hosil bo‘lganda, yordamga muhtoj haydovchilarga birinchilardan bo‘lib ko‘mak beradi. Yo‘lda qolib ketgan ulovlarni yurgizib yuborish, nosoz transport vositalarini xavfsiz joyga olib chiqish, uning uchun avvalo insoniy xislat va ichki ishlar organi xodimi sifatidagi burchdir.
Mehribon oila boshlig‘i bo‘lgan Islom turmush o‘rtog‘i bilan uch nafar farzandini tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Xizmatdagi mas’uliyat va qat’iyat farzandlar kamoliga bo‘lgan e’tibor bilan uyg‘unlashib ketgan. Oiladagi muhit va yaqinlarining qo‘llab-quvvatlashi uning kundalik faoliyatidagi muvaffaqiyatlariga poydevor bo‘lib xizmat qilmoqda.
Ziyraklik hamda sinchkov nigohni talab etadigan kasb egasi, leytenant I. Abdusharipov kabi o‘z ishiga vijdonan yondashadigan xodimlar bor ekan, poytaxt ko‘chalarida tartib va xavfsizlik, fuqarolarda esa ichki ishlar organlari xodimlariga nisbatan ishonch va hurmat yanada ortaveradi.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz. Abu KENJAYEV olgan surat