13 Yanvar 2026 Yil 0

«Zanjir» uzildi

Bugunning eng dolzarb muammolardan biri – giyohvandlik balosi jamiyat hayotini izdan chiqaradigan, oilalarni parokanda qiladigan illatdir. Bu baloga giriftor bo‘lgan inson o‘zini halokat sari boshlaydi.

Prezidentimiz millat genofondini giyohvandlikdan himoya qilish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishgan yig‘ilishda sohadagi mavjud salbiy tendensiyalar tahlil qilindi. Davlatimiz rahbari mamlakat qonunchiligiga giyohvandlik bilan bog‘liq xavf-xatarlarning oldini olish, ularga qarshi qat’iy va mustahkam huquqiy mexanizmlar joriy etish vaqti kelganini alohida ta’kidladi. Zero, bu illatning oldini olish faqat targ‘ibot bilan emas, balki samarali huquqiy choralar orqali ham ta’minlanishi shartligini ham aytib o‘tdi. Shu maqsadda, joriy yilning 3-noyabrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan «Aholi salomatligi va millat genofondini giyohvandlik va narkojinoyatlardan samarali himoya qilish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmon imzolandi. Ushbu hujjat mamlakatimizda salomatlikni asrash, yoshlarni zararli illatlardan himoya qilish va narkojinoyatlarga qarshi kurashishning mutlaqo yangi bosqichini boshlab berdi. Shu turdagi jinoyatlarni tergov qilishda muayyan tajribaga ega bo‘lgan Toshkent shahar Uchtepa tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, kapitan Nurmuhammad Xo‘jayarov tomonidan ko‘rib chiqilgan ikkita jinoyat ishida ham bu illatga giriftor bo‘lganlar taqdiri o‘z aksini topgan.
Birinchi jinoyat ishida uch nafar yigit – Ravshan Turdiyev (ism-shariflar o‘zgartirildi), Viktor Sergeyev va Sunnat O‘ktamov tarkibida pregabalin moddasi bo‘lgan kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanishida ishtirok etganligi bo‘yicha dastlabki tergov harakatlari olib borilgan.
Ushbu shaxslar oldindan til biriktirib, Telegram ijtimoiy tarmog‘idagi botlar orqali pregabalin saqlovchi preparatlarni sotib olgan. So‘ng ularni noqonuniy ravishda tarqatgan. Olib borilgan tezkor tadbir davomida R.Turdiyev uyida saqlab kelgan 120 dona «Zardex» dori vositalari bilan qo‘lga olingan. Keyinchalik xonadondan yana 5 ta qutida 200 dona ushbu dori vositalari topilgan. Viktor va Sunnat esa sotish maqsadida 210 dona preparatni olib ketayotgan paytda qo‘lga olingan.
Ikkinchi holatda giyohvandlik vositasini G.Sharipov o‘zining ikki nafar jinoiy sherigi yordamida boshqalarga tarqatgan. G.Sharipov o‘z uyida ko‘p miqdordagi gashish moddasini sotish maqsadida saqlab kelardi. U sherigi Sardorga ana shu zahri qotildan bir qismini beradi. Sardor esa uni tanishi G‘ulomga sotadi. G‘ulom gashishning ozrog‘ini iste’mol qilib, qolganini Fazliddin ismli kimsaga pullaydi. Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» savdo majmuasi hududida ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tekshirilganida, uning yonidan «Kent» sigareta qutisiga joylangan gashish topilgan.
Keyingi o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Sardor G‘ulomga gashishni sotayotgan vaqtda qo‘lga olingan. Shu kunning o‘zida Sardorning uyi ko‘zdan kechirilganida, 0,5 litrli idishga joylangan marixuana va qo‘shimcha gashish bo‘laklari topilgan.
Tezkor tadbirlar, «zanjir»ning boshida turgan G.Sharipovning uyida davom etdi. U o‘z xonadonida katta miqdorda «zahri qotil»ni saqlab kelayotganligi ma’lum bo‘ldi. Tintuv o‘tkazilayotgan vaqtda G. Sharipov qo‘lidagi paketchani qo‘shnining devori ortiga tashlab yuborgan. Biroq ziyrak xodimlar uni topib, xolislar ishtirokida rasmiylashtirib olishgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, paketchadan topilgan 15 bo‘lak gashishning umumiy og‘irligi – 5,04 gramm, uyidan topilgan yana 8 bo‘lak gashishning umumiy og‘irligi – 3,85 gramm ekanligi ma’lum bo‘ldi. Yuqoridagi ikki holatda tergov qilingan fuqarolar qilmishiga yarasha o‘z jazosini olishdi. Lekin ular tarqatishga ulgurgan «og‘u» qanchadan-qancha insonlarni zaharlagan. Yaxshiyamki, ichki ishlar organlari xodimlari sa’y-harakati bilan giyohvandlik vositalari tarqalishi «zanjiri» o‘z vaqtida uzildi. Yo‘qsa yana qancha odam bu balodan jabr chekardi.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© “Qalqon-Щит” jurnali, №12 (327)-son, 2025-yil, dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech