Risolat opa to‘rt farzandni yolg‘iz o‘zi halol mehnat qilib voyaga yetkazdi. Oilada kenja farzand bo‘lgan Amirxon onasining suyanchi bo‘lish bilan birga, marhum otasining armonini ushatishga ahd qilgandi. Otasi – Rustamxo‘ja aka ichki ishlar organlarida xizmat qilishni orzu qilgan, ammo bu hayotdan erta ko‘z yumgan.
Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati 2-tezkor harakatlanuvchi guruh safdor xodimi, kichik serjant A.To‘rayev 2018-yildan buyon sohada faoliyat olib boradi. Uning uchun har bir xizmat kuni – sinov va mas’uliyat. Xodimning sergakligi va tezkorligi sabab yaqinda bir insonning hayoti saqlab qolindi. Joriy yilning 3-yanvar kuni soat 19:20 larda Bektemir tumanidagi «Qo‘yliq» bozori yaqinidagi ko‘prikda mast holatdagi fuqaro o‘zini pastga tashlamoqchi bo‘ladi. Shu atrofda xizmat o‘tayotgan kichik serjant Amirxon To‘rayev va uning hamkasblari kichik serjant Sanjar Qo‘chqorov hamda safdor Asadillo Qahhorov zudlik bilan harakatga tushishdi. Har bir soniya g‘animat. Vaziyat nihoyatda qaltis edi. Amirxon va Sanjar fuqaroni cho‘chitib yubormaslik uchun sezdirmasdan ko‘prik ustiga chiqishdi. Safdor Asadillo Qahhorov esa pastda avtomobillar harakatini to‘xtatib, ko‘prik ustidagi fuqaroni chalg‘itib turdi. Hal qiluvchi soniyalarda kichik serjant A.To‘rayev hamkasbi bilan 1987-yilda tug‘ilgan ushbu fuqaroni chaqqonlik bilan ushlab qolishdi. Jarayonlarda bevosita ishtirok etgan Bektemir tumani IIO FMB huzuridagi Qo‘riqlash xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, kapitan Ahmadjon Abdurahimov kichik serjant A.To‘rayev haqida shunday deydi: – Kichik serjant A.To‘rayev xizmat vazifasiga mas’uliyat bilan yondashadigan, sohaning o‘ziga xos jihatlarini o‘zlashtirgan xodimlardan biri. Uning eng muhim xislati – murakkab vaziyatlarda tezkor va to‘g‘ri qaror qabul qila olishidir. Shu bois har safar zimmasiga yuklatilgan vazifani professional darajada bajaradi.
Lavhamiz qahramoni faoliyati davomida bir nechta jinoyatlarning «issiq izida» ochilishida ham jonbozlik ko‘rsatgan. Jumladan, o‘tgan yilning 16-iyul kuni tongi soat 04:00 larda Bektemir tumanidagi ko‘p qavatli uylarning kirish qismiga o‘rnatilgan «tashvish tugmasi»dan xabar tushadi. Tezkor harakatlanuvchi guruh tarkibida voqea joyiga yetib borgan A. To‘rayev profilaktika inspektori va PPX xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan ko‘zdan kechirish jarayonida shubha ostiga olingan shaxslarning yonidan polietilen paketga o‘ralgan giyohvandlik moddasi topiladi. Kichik serjant Amirxon To‘rayev onasining faxri, marhum otasining orzusini amalga oshirgan asl o‘g‘lon. Zero, ichki ishlar organlari xodimi bo‘lish – bu shunchaki yumush emas, balki ichki matonat va vijdon amri bilan bajariladigan muqaddas burchdir.