Mamlakatda barqarorlikni ta’minlash hududlarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining o‘z vazifasiga qay darajada yondashishiga, mahalla faollari va aholi bilan hamkorligiga bevosita bog‘liq. Poytaxtimizning Yunus obod tumani «Registon» mahallasida joylashgan 547-ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika inspektori, katta leytenant Behzod Yusupjanov o‘ziga biriktirilgan hududdagi fuqarolar bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. – Mahallada asosan yerli – 534 ta xonadon, yana 3 ta ko‘p qavatli uy bo‘lib, ularda 64 ta onadon mavjud, – deydi «Registon» MFY raisi Shuhrat Boltaboyev. – Aholining umumiy soni 400 nafardan ortiq. Hudud uncha katta bo‘lmasa-da, 3 ta xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti, bir nechta savdo shoxobchalari hamda 1 ta xususiy shifoxona qad ko‘targan. Mahalla ikki yildan buyon «yashil» toifada. Bu mavqeni ushlab turishning o‘zi bo‘lmaydi. Bunda uzoq yillar ichki ishlar organlarida faoliyat yuritgan mahalla raisi, iste’fodagi polkovnik Shuhrat Boltaboyevning ham alohida o‘rni bor. U mana bir necha yildirki, yosh xodimga o‘z tajribalarini o‘rgatib kelmoqda. Profilaktika inspektori ham sohaviy, ham hayotiy masalalarni hal etishda polkovnikdan o‘rganishdan erinmaydi. Shuningdek, u har bir huquqbuzarlik va jinoyat qilishga moyil shaxslarni o‘z vaqtida aniqlash hamda ular bilan profilaktik suhbat olib borish ishlarini puxtalik bilan olib boradi. Yaqinda mahallada sodir etilishi mumkin bo‘lgan bir jinoyatning oldi olindi. Davlat raqam belgisisiz, orqa va old oynalari qoraytirilgan qora rangli «Gentra» avtomashinasi mahalla hududida paydo bo‘ladi. Begona avtoulov, boz ustiga, davlat raqam belgisi yo‘qligi fuqarolardan birida shubha uyg‘otadi va tezda profilaktika inspektoriga qo‘ng‘iroq qiladi. Zudlik bilan voqea joyiga yetib borgan xodim, avtomashinaga yaqinlashadi va shubhali haydovchining shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida u bilan muloqotga kirishadi. U o‘zining kimligini ma’lum qilmaydi. Yuzida qora tibbiy niqob va qo‘lida qora qo‘lqop bo‘lgan kimsa o‘zini bejo tuta boshlaydi. Hushyor xodim tezda patrul-post xodimlariga xabar qiladi. Buni kuzatib turgan «Gentra»dagi kas qochishga tushadi. Abjir va chaqqon profilaktika inspektori, tezda o‘z avtoulovida uning ortidan quvib yetib, shubhali shaxsni qo‘lga oladi va voqea joyiga yetib kelgan PPX xodimlari bilan uni tuman IIOFMBga topshiradi. Buni qarangki, gumonlanuvchidan olingan daliliy ashyolar jinoyat sodir etish uchun uzoq vaqt tayyorgarlik ko‘rilganidan darak berib turardi. Ya’ ni, xolislar ishtirokida olingan buyumlar orasida – avtomashina yukxonasiga yashirib qo‘yilgan davlat raqam belgisi, pichoqlar, arqonlar, skotch, hatto ayollar uchun mo‘ljallangan soch parigi va boshqa bir nechta jinoyat sodir etishda foydalanadigan narsalar borligi ma’lum bo‘ldi. Olib borilgan surishtiruv ishlari natijasida gumonlanuvchi shaxsning 2000-yil Andijon viloyatida tug‘ilgan M.T. ekanligi aniqlandi. U jinoiy sheriklari bilan birovning xonadoniga kirib, boyligiga ega chiqmoqchi bo‘lgan, ammo maqsadiga erisha olmagan. – Katta bir jinoyatning oldi olindi, – deydi mahalla faollaridan biri Nizomiddin Siddiqov. – Ashyoviy dalillardan ma’lumki, bu holat sodir etilsa, kattagina fojiaga sabab bo‘lishi mumkin edi. Buni o‘z vaqtida aniqlab, bartaraf etgan profilaktika inspektorimizga rahmat. Bizning mana shunday himoyachimiz borligidan g‘ururlanamiz.