16 Yanvar 2026 Yil 0

Texnik qo‘riqlash tizimi takomili – xotirjamlik asosi

Bugungi globallashuv jarayonida xavfsizlik masalasi eng ustuvor masalalardan biriga aylandi. Ayniqsa, katta megapolis hisoblangan poytaxtimizda tinchlik va jamoat tartibini ta’minlash, davlat va xususiy mulkni himoya qilish yuzasidan qo‘riqlash xizmati zimmasiga qator mas’uliyatli vazifalar yuklatilgan.

– Soha doimiy ravishda yangilanib, innovatsion texnologiyalar joriy etish jadal tarzda olib borilmoqda, – deydi Toshkent shahar IIBB huzuridagi Qo‘riqlash boshqarmasi texnik qo‘riqlovni muvofiqlashtirish bo‘limi boshlig‘i, kapitan Anvar Toshev. – Yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan tahdidlarga tezkor munosabat bildirish va qo‘riqlanadigan obyektlarni uzluksiz nazorat qilish boshqarmaning asosiy vazifasi. Jumladan, Toshkent shahrida joylashgan bojxona omborlarini texnik qo‘riqlashga olish va ularni yong‘indan avtomatik ravishda xabar beruvchi qurilmalar bilan integratsiya qilish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Tizimning afzalligi shundaki, omborlarda xavfli holat yuzaga kelganda signal avtomatik ravishda bosh qarmaning monitoring markaziga uzatiladi. Shu asosda tezkor choralar ko‘rilib, yong‘inning oldi olinadi yoki ehtimoliy talafotlar keskin kamayadi. Xuddi shunday, moslashtirilgan «Smart Home» (aqlli uy) tizimi ham fuqarolarga qulaylik yaratmoqda. Videokuzatuvni mobil telefon orqali kuzatish, uzoq masofadan signalizatsiyani boshqarish imkoniyati esa zamonaviy ehtiyojlarga to‘la javob beradi.

«Har bir xonadonda xavfsizlik » tamoyili asosida olib borilayotgan ishlar natijasida mahallalarda jinoyatchilikning barvaqt oldini olish tizimi yangi bosqichga ko‘tarilmoq da. Xususan, mahallalar hududlarida axborot-texnologiyalari keng joriy etilib, odamlar gavjum nuqtalarda tashvish tugmalari, zamonaviy qo‘riqlash vositalari, videokuzatuv kameralari o‘rnatilib, profilaktika samaradorligi sezilarli darajada oshirildi. Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar yo‘laklariga maxsus tashvish tugmalari, gavjum joylarga esa 360 gradusli kamera bilan jihozlangan tugmalar o‘rnatildi. Bu orqali fuqarolar tezkor ravishda huquq-tartibot organlariga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.

Texnik qo‘riqlash tizimi – fuqarolar ishonchiga sazovor tizim, desak, hech mubolag‘ a emas. Ayniqsa, ko‘p kvartirali uylar, turarjoylar, kichik biznes obyektlari, notijorat tashkilotlar va tadbirkorlik subyektlari o‘z obyektlarini texnik qo‘riqlash tizimiga ulash orqali xavfsizlik darajasini yuqori darajaga ko‘tarishmoqda. Jismoniy va yuridik shaxs lar obyektlarini signalizatsiya va datchiklar bilan jihozlab, to‘g‘ridan-to‘g‘ri monitoring markaziga ulashmoqda. Har qanday noqo nuniy kirish avtomatik ravishda markazga yetib keladi va tezkor harakatlanuvchi guruhlar xodimlari zudlik bilan hodisa joyiga yetib boradi. Bu tizim sutkaning 24 soat davomida ishlaydi va aholi orasida katta ishonch qozongan.
Boshqarma xodimlari nafaqat qo‘riqlash, balki huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish ishlarida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar hamda jamoatchilik bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda. Xususan, mahalla faollari va profilaktika inspektorlari bilan hamkorlik eng asosiy yo‘nalishlardan biri. Ya’ni, aholi o‘rtasida tushuntirish-targ‘ibot ishlari muntazam olib boriladi, maktablar va oliy ta’lim muassasalarida profilaktik suhbatlar tashkil etiladi. Shuningdek, jinoyatchilik xavfi yuqori bo‘lgan hududlarda videokuzatuv tarmog‘i ham kengaytirilmoqda. Shu o‘rinda yana bir bor eslatib o‘tmoqchimiz, boshqarmada maxsus tashkil etilgan «1131» qisqa raqamli aloqa markaziga yoki hududiy qo‘riqlash bo‘limlariga murojaat qilish kifoya. Bu orqali siz o‘zingiz va yaqinlaringizning xavfsizligini ta’minlagan bo‘lasiz, albatta.

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© «Postda – На посту», №52 (4746), 2025-yil 25-dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech