17 Yanvar 2026 Yil 0

Soha kutilmagan «algoritm»larga to‘la

— deydi mayor Klara Narmanova.

Har qanday jinoyatga huquqiy baho berilishida tergov jarayoni muhim ahamiyatga ega. Toshkent shahar Mirzo Ulug‘bek tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi Jinoyatlarni tergov qilish bo‘linmasi katta tergovchisi, mayor Klara Narmanova buni yaxshi biladi. Shu bois jabrlanuvchiga ham, ayblanuvchiga ham ishni adolat tarozisiga qo‘yib, haqiqatni ro‘yobga chiqarish maqsadida muomala qiladi.

– Tergovchiga huquqiy bilimdon bo‘lishning o‘zi yetarli emas , – deydi lavhamiz qahramoni. – Chunki tergov jarayonlari kutilmagan «algoritm»larga to‘la. Ko‘pincha qonun doirasidan tashqariga chiqqanlar o‘zi to‘qigan yolg‘onlari bilan tergovchini chalg‘itishga urinishadi.

Qolaversa, xizmat jarayonida turli kasb egalari bilan muloqot qilganda, ushbu soha haqida ma’lum bir tushunchalarga ega bo‘lish, qarshingizdagi shaxs bilan tezda tillashish, o‘z o‘rnida vaziyatga oydinlik kiritishda ham qo‘l keladi. Umuman olganda, tergovchi zamon bilan barobar odimlab, mulohaza, mushohada qilishi, doim tafakkurini yangi bilimlar bilan boyitib borishi kerak.

Mayor Klara Narmanova ilk xizmat faoliyatini Navoiy viloyati Uchquduq tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasida boshlagan. Unga nazariya va amaliyotni uyg‘unlashtirishda ustozi podpolkovnik Ulug‘bek Yoriyev o‘zining maslahat, yo‘l-yo‘riqlari bilan yaqindan yordam bergan.

Xalqimiz tilida «Qiz bola – palaxmon toshi» degan naql bejiz yaralmagan. Klaraning taqdir yo‘llari xuddi o‘zi singari huquq-tartibot sohasida faoliyat yurituvchi Sardorbek Xolmo‘minov bilan tutashgach, faoliyatini Toshkent shahrida davom ettirdi. Shunday kunlarning birida IIV Akademiyasida ta’lim bergan ustozini uchratib qoldi.

– Klara Narmanova nihoyatda ilmga chanqoq va o‘ziga nisbatan talabchan kursantlardan biri edi, – deydi Toshkent davlat yuridik universiteti professori, yuridik fanlar doktori Abror Otajonov. – Shu bois unga xizmat bilan barobar ilmiy izlanishlar olib borishini maslahat berdim. U o‘tgan yili IIV Akademiyasining mustaqil tadqiqotchisi sifatida «Ishtirokchilikda sodir etilgan jinoyatlarni kvalifi katsiya qilish xususiyatlari» mavzusidagi dissertatsiyani muvaffaqiyatli himoya qilib, yuridik fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PhD) bo‘ldi. Ilmiy rahbar sifatida shunday iqtidorli shogirdim borligidan faxrlanaman.
Darvoqe, xizmatda ilg‘or, ilmda zukko xodima oila oshyonida to‘rt nafar farzandining mehribon onasi hamdir. U xizmatdan qaytgach E’zozaning a’lo baholaridan, Mohinurning yod olgan she’r-u masallaridan, Hasanjon va Zuhraxonlarning beg‘ubor kulgularidan ko‘ngli yorishadi. Beixtiyor ko‘z oldidan bolaligida akasi iste’fodagi serjant To‘lqin Narmanovga havas qilganlari o‘tadi. Qiziqishlari ortidan ichki ishlar organlaridek sharafli sohani tanlaganidan xursand bo‘ladi. Ayni damda ukasi leytenant Oxunjon Narmanov ham shu sohada faoliyat boshlaganidan dili ravshan tortadi. Hayot va xizmat yo‘llarida unga suyanch bo‘lib kelayotgan turmush o‘rtog‘i, yaqinlari, ustozlari, hamkasblari borligidan yuragida shukronalik hissini tuyadi.

Gulnoza TURGʻUNBOYEVA, o‘z muxbirimiz

© «Postda – На посту», №3 (4749), 2026-yil 15-yanvar

Barcha yangiliklar

Text to speech