31 Oktyabr 2025 Yil 0

Sifatli xizmat va sog‘lom kayfiyat osoyishtalik kafolatidir

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida ichki ishlar organlari xodimlari uchun qurilgan ma’muriy binoning hamda Yunusobod tumanidagi Bo‘zsuv kanali yoqasida osoyishtalik posbonlari va ularning farzdanlari sog‘lom turmush tarzini rivojlantirish imkoniyatiga ega bo‘lgan 4 gektar maydonda barpo etilgan zamonaviy sport majmuasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbirlarda Ichki ishlar vaziri, general-leytenant Aziz Tashpulatov, Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzoqov, shuningdek, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, soha faxriylari qatnashdi. Yangihayot tumani IIOFMning yangi ochilgan binosi atrofida Vatanga va xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish g‘oyasi asosida barpo etilgan «Tinchlik» bog‘ida ichki ishlar tizimi sohaviy xizmatlarining ramzlari o‘rnatilgan bo‘lib, bu yechim tizim imijini oshirish va xodimlarni xalqqa yanada yaqinlashtirishga xizmat qiladi. Yangi inshootda zamonaviy «Vaziyatlar markazi», migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish xonalari, oshxona va yotoqxona, avtotransport vositalarini saqlash binolari barcha zarur texnik vositalar bilan jihozlangan.

Marosimda so‘z olganlar zamonaviy binoda xizmat qilayotgan xodimlardan fidoyilik va mas’uliyat talab etilishini, aholining qonuniy manfaatlarini himoya qilishda sadoqat bilan xizmat qilish har bir xodimning oliy burchi ekanini ta’kidlashdi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining tashabbuslari bilan mamlakatimizda sport va sog‘lom turmush tarziga bo‘lgan e’tibor yil sayin ortib borayotgani, xususan, mazkur sport majmuasi xodimlar hamda ularning farzandlari uchun munosib sovg‘a ekani qayd etildi. Ichki ishlar organlarida kasb bayrami munosabati bilan ochilgan va foydalanishga topshirilgan ushbu yangi obyektlar xodimlar va ularning oila a’zolarining sog‘lom turmush tarzini qo‘llab-quvvatlash va jamoa ruhini mustahkamlash yo‘lida xizmat qiladi.

O‘z muxbirimiz

© Postda – На посту, №44 (4738), 2025-yil 30-oktabr

Barcha yangiliklar

Text to speech