Ishonch inson hayot yo‘lidagi muhim ma’naviy tayanch hisoblanadi. Ba’zi holatlarda uning suiiste’mol qilinayotgani kishini o‘ylantirib qo‘yadi.
Javlon (ismlar o‘zgartirildi) poytaxtning Chilonzor tumanida joylashgan go‘sht saqlanadigan omborxonada 2018–2023-yillarda ishlab, o‘ziga ozmi-ko‘pmi tanish orttirdi. Ana shunday tanishlaridan biri Sobir ismli tadbirkor yigit chet eldan go‘sht mahsulotlarini olib kelib, u ishlagan omborxonadan mijozlarga tarqatardi. Keyinchalik boshqa joyda faoliyatini davom ettirgan Javlon Sobirdan go‘sht mahsulotlarini olib turardi. 2024-yil oxirlarida buyurtma Sodiq ismli yigit orqali yetkazib berildi. Vaqtida molni yetkazib bergani uchun Javlonning ishonchiga kirgan Sodiq joriy yil boshida Hindistondan arzon go‘sht kelayotgani, mijozlar oldindan to‘lov qilayotganini aytadi. Javlon 30 quti go‘sht mahsuloti uchun 30 mln 600 ming so‘m beradi. Mahsulot yo‘lda ushlanib qolganligi sababli, avvalgi bergan pullari kassaga to‘langanligini aytib, undan 16 quti uchun 16 mln 320 ming so‘m, yana birozdan so‘ng go‘shtning narxi oshgan deb 19 million so‘m, jami 65 mln 500 ming so‘m pulni qop-qop va’dalar evaziga oladi-yu, ko‘zdan yo‘qoladi.
Javlon uning nag‘malariga ishondi, Sodiq esa kundan-kun bahonalari ko‘payib, oxiri uning qo‘ng‘iroqlariga ham javob bermay qo‘ydi. Oxir-oqibat Javlon tanishi Sobirga qo‘ng‘iroq qilib vaziyatni tushuntirganida, Sodiq ishonchini suiiste’mol qilib, pulga tushirib ketganini anglab yetdi. Bu firibgarlik ustiga qurilgan savdo bo‘lib chiqdi. Javlon ichki ishlar organiga murojaat qildi va holat yuzasidan tergov ishlari olib borildi.
Tergov jarayonida Javlonning uyi oldida undan pul olayotgani aks etgan videotasvirlarni ko‘rgach, Sodiq barcha qilmishlarini tan oldi. Chin ko‘ngildan afsusda ekanligini bildirdi. Lekin endi kech – «g‘isht qolipdan ko‘chgan» edi.
Muhriddin G‘AFFOROV, Mirobod tumani IIOFMB huzuridagi Tergov bo‘limi tergovchisi, katta leytenant.