Brokkoli karami sog‘liq uchun eng foydali sabzavotlardan biri hisoblanadi. Bu turdagi karam C vitaminiga boy bo‘lgani sababli immunitetni, yurak-qon tomir tizimini mustahkamlaydi, shamollashning oldini oladi, teri va soch holatini yaxshilaydi. Shuningdek, tarkibida suyaklar uchun muhim K vitamini, tanani kuch-quvvat bilan ta’minlovchi hamda markaziy asab tizimi va bosh miya faoliyatida ishtirok etuvchi B guruhi vitaminlari mavjud.
Ushbu mahsulotda qarish jarayonlarini sekinlashtirib, onkologik kasalliklar rivojlanishi xavfini kamaytiradigan moddalar – antioksidantlar bor. Bundan tashqari, brokkoli karami past kaloriyali bo‘lgani bois uni har qanday parhez taomnomasiga kiri tish mumkin. Shu bilan birga, bu sabzavot A, D va E vitaminlari, foliy kislotasini o‘z ichiga oladi. Ushbu moddalar organizmda oqsil, yog‘lar va uglevodlar almashinuvida faol ishtirok etadi. Brokkoli karami tarkibidagi kalsiy, fosfor, magniy kabi mikroelementlar suyak to‘qimasi shakllanishida ishtirok etib, bolalarda suyaklar to‘g‘ri o‘sishiga, kattalarda esa osteoporozning oldini olishga xizmat qiladi. Undagi natriy va kaliy esa tanada suv-tuz muvozanatini saqlab turishga yordam beradi. Mazkur bir yillik sabzavot kletchatka manbayi hisoblanadi. Shuning uchun uning muntazam iste’moli aterosklerozning oldini oladi, moddalar almashinuvini yaxshilab, ovqat hazm qilish jarayoniga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi. Undan salat va sho‘rvalar, turli quyuq taomlar, hatto shirinliklar tayyorlanadi. Buning uchun yamyashil sara sabzavotni tanlash tavsiya qilinadi. Rangi o‘zgargan mahsulotning salomatlik uchun to‘liq foydasi bo‘lmaydi. Eng asosiysi, u muzlatilgandan keyin ham o‘z xususiyatlarini yo‘qotmaydi. Biroq oshqozonosti bezi kasalliklari, qalqonsimon bez bilan bog‘liq muammolar kuzatilgan, oshqozonida kislotalilik darajasi yuqori bo‘lgan, buyragida tosh aniqlangan bemorlar brokkoli karamini iste’mol qilishdan oldin mutaxassis bilan maslahatlashgani ma’qul.
Toshkent shahar IIBB poliklinikasi profilaktika bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan Nilufar INOYATOVA