31 Dekabr 2025 Yil 0

Salomatlik saboqlari. Ming dardga davo anor

Anor tarkibidagi ko‘pgina foydali moddalar immunitetni oshiradi, infeksion va virusli kasalliklar davrida organizmga profilaktik va davolovchi ta’sir ko‘rsatadi. Xalq tabobatida uning nafaqat donalari, balki po‘sti va gullari ham shifobaxsh deyilgan. Tarkibidagi katexin va fitonsidlar kuchli antioksidant xususiyatga ega. Meva donalari tanaga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, jumladan:

— qonda qand miqdorini kamaytiradi, shu bois shirinliklar va ba’zi mevalar man etilgan diabet bilan og‘rigan bemorlar uchun bu ne’mat foydali bo‘lib, insulinning o‘rnini bosuvchi rolida xizmat qilishi mumkin;
— qon aylanishini yaxshilaydi, xolesterin miqdorini hamda yurak xastaliklari xavfini kamaytiradi.
— undagi antibakterial moddalar milklarni mustahkamlaydi, og‘izdagi zararli bakteriyalarni kamaytiradi.

— quvvatni tiklaydi va og‘ir xastaliklardan so‘ng organizmning umumiy holatini yaxshilaydi;
— bakteriyalarga qarshi ta’sir ko‘rsatadi, shu sababdan tomoq va og‘iz sohasidagi yallig‘lanishlarni bartaraf etishga yordam beradi;
— qarish jarayonini sekinlashtiradi va hujayralarni zararlanishdan asraydi;
— gormonal bezlar ishini rag‘batlantiradi;
— ishtahani yaxshilaydi va hazmni yengillashtiradi;
— C vitaminiga boy;
— pigment dog‘lar hamda husn buzarga qarshi samarali vosita hisoblanadi.

Anor sharbati qon bosimini tushirishga yordam beradi, tanani kaliy bilan ta’minlaydi, yurak faoliyatini yaxshilaydi. Anor donalarini bir-biridan chegaralab turadigan yupqa pardani qaynatib ichish bezovtalik, uyqusizlikdan xalos bo‘lishga yordam berib, asabni tinchlantiradi. Tomoq yallig‘langanda ushbu meva sharbati yoki po‘stining qaynatmasi bilan tomoq chayiladi, bu stomatitda ham yordam beradi. Mahsulot tarkibidagi oshlovchi moddalar va kislotalar infeksiyalarni o‘ldiradi, og‘riqni qoldiradi. Kamqonlikda esa 100 ml anor sharbatiga 1/3 nisbatda suv qo‘shib, har kuni tushlikdan 30 daqiqa oldin ichish gemoglobin miqdorini me’yorlashtirib, anemiyani bartaraf etishga yordam beradi.
Noyob antioksidantlarni (polifenollar) o‘z ichiga olgan anor sharbati radiatsiya muhiti bilan to‘qnash keladiganlarni erkin radikallardan himoya qiladi. Ushbu shifobaxsh ichimlikni me’yorida va muntazam iste’mol qilish natijasida saraton hujayralari rivojlanishi sekinlashadi.
Anor va uning sharbati kislota miqdori ko‘p bo‘lgani bois tishlar salomatligiga salbiy ta’sir qilib, tishlar emalini zararlaydi va kariyes rivojlanishiga olib keladi, tishlarda dog‘ qoldiradi. Zararni kamaytirish uchun sharbatni naycha orqali ichish, shundan so‘ng og‘izni yaxshilab chayib tashlash tavsiya etiladi.

Anorni har kuni iste’mol qilish kerak emas. Mevadan foyda olish va uning yordamida salomatlikni mustahkamlash uchun 3-4 kunda bir marta 1 ta anorni danaklari bilan iste’mol qilish yetarli. Turli ko‘rinishdagi gepatit, oshqozon va ichak yarasi kasalliklari, oshqozonda kislotalilik darajasi yuqori bo‘lganda, anor tarkibidagi moddalarga ta’sirchanlik va allergiya kuzatilganda, qabziyatda hamda bir yoshgacha bo‘lgan bolalarga bu meva tavsiya etilmaydi.

Toshkent shahar IIBB poliklinikasi profilaktika bo‘linmasi boshlig‘i, kapitan Nilufar INOYATOVA

© Postda – На посту, №51 (4745), 2025-yil 18-dekabr

Barcha yangiliklar

Text to speech