Salomatlik saboqlari. Bosh og'rig'iga bee'tibor bo'lmang
Deyarli har bir insonga yaxshi tanish bo'lgan bosh og'rig'i turli omillar sabab yuzaga kelishi mumkin. Organizmning suvsizlanishi, to'yib uxlamaslik, asabiy zo'riqish, kompyuterda uzoq vaqt ishlash, kuchli hayajonlanish, noto'g'ri ovqatlanish va ovqat hazm qilish trakti bilan bog'liq muammolar, ob-havo o'zgarishi, yomon kayfiyat shular jumlasidandir.
Turli ko'rinishdagi bosh og'rig'idan organizmga shu damda zarur bo'lgan vitamin va minerallarga boy bo'lgan muayyan mahsulotlarni taomnomaga kiritish orqali ham xalos bo'lish mumkin ekan. Misol uchun: — Zig'ir urug'ida boshdagi og'riqni yengish va shamollashga qarshi kurashish xususiyatiga ega omega-3 yog' kislotalari yetarli miqdorda mavjud. — Bodomdagi magniy mikroelementi qon bosimini me'yorlashtirib, bosh og'rig'ini bartaraf etadi. — Suv yoki meva sharbatlari nafaqat tana suvsizlanishida bosh og'rig'ini bartaraf etishga yordam beradi, balki organizmni foydali moddalar bilan ta'minlaydi. — Makkajo'xori tarkibidagi V3 vitamini qon aylanish tizimi faoliyatini yaxshilab, asabni tinchlantiradi. Ushbu vitamin yetishmasligi ruhiy hayajondan bosh og'rig'i xuruji kelib chiqishiga sabab bo'ladi. — Suli yormasi yoki tariq magniy va V guruhi vitaminlariga boy bo'lib, ular ham darddan forig' bo'lishga o'z hissasini qo'shishi mumkin. — Ismaloq ko'katlar orasida eng foydalisidir. Unda asab tizimiga tinchlantiruvchi ta'sir ko'rsatib, bosh og'rig'ini bosadigan V2 vitamini bor — Boshdagi og'riqning yuzaga kelishi, davomiyligi va xurujlar kuchini susaytirishga xizmat qiluvchi omega-3 yog' kislotalarini o'z ichiga olgan baliq go'shti ham bu borada ajoyib ko'makchidir. — Belgilangan me'yorda qahva ichish natijasida tomirlar torayib, og'riq kamayadi. Aynan shu sababdan bosh og'rig'ini qoldirishga mo'ljallangan aksariyat dori vositalari tarkibida kofein moddasi bo'ladi. Shuni ham unutmaslik muhimki, haddan ortiq ko'p iste'mol qilingan qahva organizmning suvsizlanishiga sabab bo'lib, og'riq xurujlarini kuchaytirishga olib kelishi mumkin. — Kaltsiy va kaliy manbai hisoblangan yog'siz sut ham bu borada yaxshi samara beradi. Chunki bu moddalarning yetishmasligi arterial qon bosimining oshishi, natijada esa boshda og'riq kuchayishiga olib keladi. — Yalpiz, kashnich (koriandr), mavrak, tizimgulli choy nafaqat og'riqni yengishga, balki charchoq, jizzakilik va uyquchanlik holatlaridan chiqishga ham yordam beradi.
Dilafruz SHAROPOVA, Toshkent shahar IIBB Tibbiyot bo'limi HTK raisi-shifokor, kapitan.