Poytaxtimizning Yunusobod tumanida bir mahalla bor. Qizig‘i u ham shu nom bilan ataladi. Uning tashkil topganiga 150 yil to‘lmoqda. Shu mahallalik, yozuvchi Muzaffar Mirzo ushbu ko‘hna maskan haqida o‘z kitobida shunday manbalarni keltiradi.
Toshkent shimolida shaharcha sifatida qad rostlagan Oqtepa qo‘rg‘oni aynan Yunusobod hududining aholi istiqomat qilgan ilk manzilgohlaridan biri bo‘lgan. XIX asrning ikkinchi yarmiga kelib, Toshkent shahri to‘rt daha va o‘n ikki darvozani tashkil etgan. Yunusobod xuddi shu davrda go‘zal bog‘-rog‘lardan iborat mevazorlarga aylangan. Keyinchalik u Yunusobod Oqtepasi maqomini olgan. Oqtepa esa Yunusobod Oqtepa esa Yunusobod mavzesining
qadimiy tarixidan yorqin bir nishonadir.
Tarixi ikki ming yil bo‘lgan Yunusobod Oqtepasi 1876-yildan Yunusobod mavzesi deb atalgan va 1992-yildan e’tiboran, Toshkent xaritasida Yunusobod tumani tariqasida paydo bo‘lgan. «Yunusobod» atamasi ko‘p jihatdan shu yerda yashab o‘tgan katta yer egalari bo‘lgan shaxslarga borib taqaladi. Agar biz Toshkent tarixini varaqlasak, Yunusxon, Yunusxo‘ja, Yunus mirishkor, Yunus sarkor, Yunus eshon, Yunusxo‘ja xalfa, Yunus shig‘ovul, Yunushoji ismli shaxslarga duch kelamiz.
Yunushoji Toshkent shahrining Sebzor va Taxtapul dahalari oralig‘idagi «Katta Buzruk» mahallasida yashovchi savdogar va katta yer egasi Nodirxon oilasida dunyoga kelgan. U ham otasining ishlarini davom ettirib, bu yerlarda katta tokzor va mevali bog‘lar barpo etgan. Salobatli qo‘rg‘onlar, karvonsaroylar qurdirgan. Shu bois u mahalliy aholi orasida «Oqsoqol» maqomiga ko‘tarilgan.
Xullas, Yunushoji vafotidan so‘ng yerli aholi oqsoqollari maslahatlashib, bu bog‘-rog‘larga to‘la manzilgohni 1876-yildan boshlab Yunusobod deb atashga kelishishgan. Yunusobod mahallasida bir qator taniqli shaxslar istiqomat qilgan. Ulardan yozuvchi va jurnalist Maqsud Qoriyev, jamoat arbobi Rustam Akbarov, akademik Sobir Mirvaliyevlarni misol tariqasida keltirishimiz mumkin.
Bugungi kunda ushbu mahalla osoyishtaligi, tinchligi va farovonlig yo‘lida MFY raisi Abdusamat Karimov, profilaktika katta inspektori, katta leytenant Isroil Qurbonboyev faollar bilan hamkorlikda samarali chora-tadbirlarni amalga oshirishmoqda.
– Hududimizda 1052 ta xonadon bo‘lib, aholisi olti mingdan oshadi, – deydi MFY raisi Abdusamat Karimov. – Tadbirkorlikka keng yo‘l ochish maqsadida yil boshidan buyon 6 nafar fuqaromizga jami 60 mln so‘m kredit ajratishda yordam ko‘rsatildi. Ishsiz yurgan 42 nafar fuqaro doimiy ishga joylashtirilib, 10 nafari kasb-hunarga yo‘naltirildi. Bundan tashqari, 10 nafardan ortiq yoshlarga tikuv mashinasi, 2 nafar ayolga elektrofarez apparati olishida ko‘maklashildi.
Mahallamiz yoshlari ilm olish va kelajakda yetuk kadr bo‘lib yetishish uchun doim izlanishda. Bu yil oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan 60 nafardan ortiq yoshlarning o‘quv shartnoma pullarini to‘lashda yordam berildi. Shuningdek, 3 ta kambag‘al oila farzandlariga maktab formasi, 5 ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari tarqatildi. Profilaktika katta inspektori hamda xotin-qizlar masalalari bo‘yicha katta inspektor tomonidan tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan 2 nafar ayolga psixolog xizmati ko‘rsatildi.
Mahallada joylashgan 453-Ichki ishlar organlari tayanch punkti profilaktika katta inspektori, katta leytenant I. Qurbonboyev o‘ziga biriktirilgan hudud fuqarolari bilan mustahkam aloqa o‘rnatgan. Fuqarolarga har bir shubhali xatti-harakatga befarq bo‘lmaslikni uqtirib keladi. Natijada yil boshidan buyon sodir etilishi mumkin bo‘lgan bir nechta jinoyatning oldi olindi. Uning tashabbusi bilan 4 ta ko‘chaga kuzatuv kamerasi o‘rnatildi. Profilaktika katta inspektorining maqsadi mahallani «sariq» toifadan «yashil»ga o‘tkazish.
Bugun biz poytaxtimizning qadimiy go‘shasi bo‘lgan Yunusobod mahallasida olib borilayotgan ishlarning bir qisminigina qalamga oldik, xolos. Yurtimizda bunday obod manzillar bisyor. Ushbu hududlarda profilaktika inspektorlari mahalla yettiligi bilan bir tan-u bir jon bo‘lib xizmat olib borarkan, osoyishtalik va farovonlik bardavom bo‘laveradi.
Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz. Toshkent shahri
© Postda – На посту, №36 (4730), 2025-yil 4-sentabr