29 Fevral 2024 Yil 0

Poytaxt hududi kaftdek namoyon

Poytaxtda tinchlik-osoyishtalikni ta’minlash, jamoat xavfsizligi hamda kriminogen vaziyat barqarorligiga erishishda Toshkent shahar IIBB Yagona tezkor boshqaruv markazining alohida o‘rni bor. 

– Yagona tezkor boshqaruv markazi Prezidentimizning «Ichki ishlar organlarining jamoat xavfsizligini ta’minlash va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasidagi faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha tashkiliy chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori ijrosi doirasida tashkil etildi, – deydi Toshkent shahar IIBB boshlig‘i, general-mayor Aziz Toshpo‘latov. – Dastavval, mahalliy dasturchilarimiz tomonidan «Qalqon» nomli axborotlar dasturi ishlab chiqildi. Shuningdek, o‘tgan davr mobaynida Toshkent shahridagi barcha bino va inshootlar xatlovdan o‘tkazilib, markazning asosiy platformasi – «Geoinformatsion elektron xarita» avtomatlashtirilgan dasturga kiritildi. 

Unga infratuzilma obyektlari va shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni olish, qayta ishlash va uzatish maqsadida yettita vazirlik va idoralarning 

55 ta elektron bazalari integratsiya qilindi. Shuningdek, «E-manzil», «Shakl-1», «E-mehmon», «Kadastr» hamda transport oqimi, qidiruvdagi va 37 turdagi profilaktik hisobdagi shaxs­lar bo‘yicha bazalar, shahrimizning 10 mingdan ortiq turar va noturar ob’yektlariga o‘rnatilgan videokuzatuv kameralarini bevosita nazorat qilish imkoniyati ham mavjud. 

Bundan tashqari, poytaxt hududidagi 21 ta yo‘nalishdagi jamoat transporti hisoblanmish avtobuslarga sinov tariqasida shaxsni yuzidan tanib oluvchi videokamera hamda tashvish tugmachalari o‘rnatildi. Shu bilan bir qatorda, yo‘lovchi transporti va jamoat joylarida jinoyatchilikning barvaqt oldini olish maqsadida respublika bo‘yicha ilgari «kissavurlik» jinoyatini sodir etgan shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar «Qalqon» axborotlar dasturiga kiritildi. Natijada bozor va jamoat joylarida 28 nafar hamda yo‘lovchi avtobuslarida 18 nafar kissavurlik jinoyatini sodir etgan shaxslar jinoyat ustida qo‘lga olinib, qonun ustuvorligi ta’minlandi.

Ko‘cha va jamoat joylarida xizmat olib borayotgan xodimlarni onlayn kuzatish, vaziyat yuzasidan ularni yo‘naltirish orqali huquqbuzarlik hamda jinoyatchilikning oldini olish, sodir etilganlarini «issiq izida» bartaraf etish ham markazning imkoniyatlaridan biridir. Qilingan ishlar natijasida kuch va vositalarni tezkor boshqarish orqali hodisa joyiga 3–5 daqiqa ichida yetib borilishi ta’minlanmoqda. Qidiruv­da bo‘lgan transport vositalari, olib qochilgan avtomashinalar aniqlanib, o‘z vaqtida ushlanmoqda. Shuningdek, jinoyat sodir etib, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan qidiruvdagi shaxslar qisqa fursatda qo‘lga olinishi ta’minlanmoqda.    

Markazda o‘rnatilgan zamonaviy kompyuter texnologiyalari hamda monitorlarda shahar kaftdek namoyon bo‘lib turadi. Kichik-kichik ko‘chalardan tortib barcha postlargacha onlayn rejimda ko‘rinib turadi. Respublikamizning barcha viloyatlaridan qancha transport vositalari shahar «darvoza»laridan kirib kelayotgani markaz xodimlari nazorati ostida. Poytaxtning katta-katta chorrahalarida svetofor ishlamay qolib, tirbandlik yuzaga kelsa, zudlik bilan bu holat bartaraf etilishi yuzasidan yaqin oradagi YPX inspektorlariga xabar berilib, o‘sha manzilga yo‘naltiriladi. Shuningdek, ommaviy tadbirlar yoki odamlar gavjum bo‘lgan joylardagi vaziyat ham doimiy kuzatuv ostida. Imkoniyat darajasi katta bo‘lgan «Qalqon» dasturi hatto maydondagi odamlar sonini ham  aniqlay oladi. 

Prezidentimiz markaz faoliyati bilan tanishish maqsadida tashrif buyurganlarida aniq va ustuvor vazifalar, ya’ni mahallalarda xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining nazorat tizimini joriy qilish, ular tomonidan olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida monito­ring olib borish topshirig‘ini berdilar.

Zamon talablariga mos, axborot-texnologiyalari bilan jihozlangan Yagona tezkor boshqaruv markazida poytaxt hududi kecha-yu kunduz kaftdek ko‘rinib turadi.  Bu esa vaziyat barqarorligi hamda osoyishtalikni ta’minlashda «bedor ko‘z» vazifasini o‘taydi. 

Sarvar SOBIROV, o‘z muxbirimiz

© POSTDA – На посту

Barcha yangiliklar

Text to speech